Prezident Navoiy viloyati faollari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatni kompleks rivojlantirishga qaratilgan dolzarb vazifalarni belgilab berdi, deb yozadi prezident matbuot xizmati.

Navoiy viloyati yalpi hududiy mahsulot bo‘yicha ilg‘or o‘rinlarda bo‘lsa-da, mavjud rezerv va imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Viloyat iqtisodiyoti asosan bir nechta yirik korxonalarga bog‘liq bo‘lib qolgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yetarli darajada rivojlanmagani ko‘rsatib o‘tildi.

“Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirishga jiddiy turtki berish maqsadida, bu yerda shunday eng qulay va jozibador biznes muhitini yaratish kerakki, nafaqat mahalliy aholi, balki boshqa viloyatlar aholisi ham bu yerga kelib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga intilsin. Endi Navoiy viloyati — tadbirkorlar viloyati bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari shu maqsadda Navoiy viloyatini eksportga yo‘naltirilgan innovatsion va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar bo‘yicha erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif qildi. Qayd etilganidek, buning uchun Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida maxsus komissiya tuzilib, mazkur iqtisodiy zona ishtirokchilariga beriladigan imtiyoz va yengilliklar tizimi belgilanadi.

Navoiy viloyatida 2019−2020 yillarda amalga oshiriladigan umumiy qiymati 26 trillion 368 milliard so‘mlik 511 ta investitsiya loyihasidan iborat dastur ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Mazkur dastur doirasida 1 milliard $ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirib, 17 ming 400 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Jumladan, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, “Qizilqumsement”, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tarmoqlarda 12 ta yirik loyiha amalga oshirilishi belgilangan.