Prezidentning “Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi.

Moliya vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan birgalikda O‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish dasturini 2019−2021 yillarda amalga oshirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Konsepsiya doirasida bozor tamoyillari asosida uzoq muddatli barqaror ipoteka moliyalashtirish tizimini yaratish uchun OTB tomonidan 200 million $ miqdoridagi qarz mablag‘lari ajratish nazarda tutilgan.

Farmonga binoan Moliya vazirligi tomonidan boshlang‘ich ustav kapitali miqdori 25 milliard so‘m bo‘lgan AJ shaklidagi Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ta’sis etilmoqda.

Kompaniyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘larini jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish;
  • aholining arzon uy-joylarga o‘sib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish;
  • ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va ularni investorlar orasida joylashtirish;
  • ipoteka krediti tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish, ipoteka bozorini rivojlantirishning zamonaviy uslublari va vositalarini tatbiq etish, ipoteka krediti va ipoteka qimmatli qog‘ozlar bozorida xavflarni kamaytirish va likvidlikni oshirish;
  • ipoteka krediti va qayta moliyalashtirish sohasida, shu jumladan, xorijiy ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda metodologik va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqishda ishtirok etish.