Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan band bo’lmagan aholi yangi kasblarni egallaydi. Buning uchun davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartlarida kasbga o‘qitish markazlari tashkil etiladi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Kasbiy malaka, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi joriy etiladi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun, shuningdek, mehnat bozoridagi real ehtiyojni hisobga olgan holda, DXSH shartlari asosida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil qilish;
  • kasbga o‘qitish nodavlat markazlarida band bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlarni kasbga o‘qitishni tashkil etish;
  • bilim va ko‘nikmalarni baholash nodavlat markazlari faoliyatini tashkil qilish;
  • Mehnat vazirligi tomonidan bozor talablarini hisobga olgan holda, band bo‘lmagan aholini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbga o‘qitish markazlari va boshqa ta’lim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida kasbga o‘qitish uchun davlat buyurtmasini har yili joylashtirish;
  • bilim va ko‘nikmalarni baholash markazlari tomonidan muayyan mutaxassislik (kasb) bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikma darajasini tasdiqlaydigan hamda xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilarning kasblari klassifikatoriga muvofiq ishchilar kasblari malaka razryadlarini berish uchun asos hisoblanadigan malaka sertifikatlarini berish amaliyotini joriy etish;
  • o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchilarning malaka darajasini izchil oshirib borish mexanizmini joriy qilish;
  • o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchi kasblar lavozimlarining kasb standartlarini ishlab chiqish, qo‘llash va yangilab borish mexanizmini joriy qilish.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni DXSH shartlari asosida tayyorlash tartibi eksperiment sifatida joriy qilinadi.

Kasbga o‘qitish markazlari va baholash markazlarini tashkil etishda ishtirok etayotgan investorlarga quyidagi turdagi davlat yordami ko‘rsatilishi mumkin:

  • yer uchastkalarini bepul ajratish;
  • yuklama darajasi past bo‘lgan yoki rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash yoki qayta jihozlashni talab qiladigan kasb-hunar kollejlari binolari va inshootlarini ijaraga berish;
  • foydalanilmay turgan binolar va inshootlarni investorlarga ijara haqining “nol” stavkasi bo‘yicha berish;
  • band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish markazlarida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan o‘qitish uchun davlat buyurtmasining kafolatlangan eng kam darajasini belgilash.

Markazlarni tashkil etish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq investorlarga berilgan yer uchastkalari va ko‘chmas mulkni bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bilan kelishmasdan olib qo‘yish taqiqlanadi.

Toshkentning Yashnobod tumanida eksperiment tarzida tashkil etilayotgan band bo‘lmagan aholiga xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha “Ishga marhamat” monomarkazi negizida “World Skills” (maqsadi ishchi kasblarning nufuzini oshirish va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘lgan xalqaro notijorat harakati) metodologiyasiga muvofiq DXSH shartlari asosida kasbiy bilim va ko‘nikmalarni baholash tizimi joriy etiladi.