Mazkur uskuna Innovatsion rivojlanish vazirligi, Isroilning “Watergen Ltd.”, Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda ishga tushirildi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi mazkur havo-suv generatori qurilmasi bir sutkada o‘rtacha miqdorda 900 litrgacha toza suv ishlab chiqaradi. Qurilma, shuningdek, bir nechta to‘siqli filtr kaskadlar orqali havoni filtrlaydi.
“Watergen” texnologiyasi asosidagi “GENiusTm”, “Gen-350” qurilmalari dunyodagi eng kam energiya sarflovchi havo-suv generatori bo‘lib (AWG), u kam quvvat iste’moli bilan ko‘proq suv hosil qilish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, hatto quruq iqlimli hududlarda ham odatda 1 kv. m. havoda 6−10 gr.gacha suv bo‘ladi. Issiq quruq, cho‘l hududlaridagi yerga yaqin joylashgan 1 kv. km. atmosfera qatlamlarida 20 000 tonna suv bug‘i mavjuddir.

Innovatsion rivojlanish vaziri 12 may kungi Isroil davlati delegatsiyasi bilan uchrashuvida ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda 2 oydan so‘ng Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida ham qurilmani amaliyotga tatbiq etish masalalarini muhokama qildi.