Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan “NAPA Team” MChJ hamkorligida Toshkentda “NAPA Texnoparki"ni ta’sis etish bo‘yicha investitsion loyiha ishlab chiqilmoqda, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

NAPA texnoparkining yaratilishi axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar sonini ko‘paytirish orqali ilm-fan va ta’limning rivojlanishini rag‘batlantirilishiga ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek axborot texnologiyalari sohasidagi yuqori malakali kadrlarning xorijga ketib qolishini to‘xtatib, AT sohasidagi yuqori texnologiyali mutaxassislarning mamlakatimizga kelishiga turtki berishi kutilmoqda.

“NAPA Team” MChJning asosiy maqsadi informatsion texnologiyalar uchun maqbul muhitni va infratuzilmalarni yaratish bo‘lib, yaqin kelajakda yangi texnologiyalarni yaratish va transfer qilish markaziga aylantirish rejalashtirilmoqda. Ta’kidlanishicha, bunda barcha ishtirokchilar — investorlar, universitetlar, yirik korporatsiyalar, xizmat ko‘rsatuvchilar va ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarining himoya etilishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari NAPA texnoparkida Toshkent shahrida kasbiy ta’lim, malaka oshirish, tor mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatishga mo‘ljallangan NAPA EDU HUB (barcha o‘quv markazlarini birlashtiruvchi yagona Akademiya) yaratiladi.

NAPA EDU HUB axborot tizimi, texnologiyalar va resurslar, robototexnika va mexatronika, marketing va biznes, media va dizayn, shuningdek injiniring sohalarida innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun yuqori malakali, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanadi.