Spot 2019 yil iyun oyida O’zbekistondagi barcha tijorat banklarining xorijiy valyutadagi omonatlarini o’rganib chiqdi va eng daromadli banklarni tanladi.

Nashr etilgan paytda O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan 29 bankning 23 tasida xorijiy valyutadagi omonatlarni ochish mumkin.

So’mli depozitlardan farqli o’laroq, 2019 yil yanvaridan boshlab dollarlarda eng daromadli depozitlarning o’rtacha foiz stavkasi deyarli o’zgarishsiz qoldi. Ko’plab banklarda valyuta depozitlari bo’yicha stavkalar 5% dan 7% gacha saqlanib qoldi.

Bugungi kunda to’rtta bank — Orient Finans Bank, “Turonbank”, Universal Bank va Ziraat Bank Uzbekistan eng yuqori 7%lik stavkani taklif etmoqda.

Olti oyda eng daromadli omonat yarim foizga kamaydi: yanvar oyida eng yuqori ko’rsatkich 7,5%ni tashkil etgan edi.

Depozitni ochish uchun 100 $dan 500 $gacha mablag’ga ega bo’lish kerak. Ba’zi banklar dastlabki to’lovga hech qanday cheklovlar qo’ymayapti. Universalbank va Infinbankda minimal omonatlar miqdori 1 000 $ni tashkil etadi. Eng daromadli depozitlarning o’rtacha muddati 1−2 yil.

Mijoz depozitni muddatidan oldin yopsa, foizlar to’lanmaydi. Biroq, ayrim banklarda, omonat ochilgandan boshlab ma’lum muddat o’tgan bo’lsa foizlar pastroq darajada qayta hisoblab chiqiladi. Masalan, Hamkorbankda foizlar omonatchi pulni 3−6 oy ichida olishni hal qilsa, joriy foizga nisbatan ikki marotaba kamroq miqdorda taqdim etadi.

Chet el valyutasidagi depozitlar asosan AQSh dollarida qabul qilinadi, faqatgina “Qishloq qurilish bank” barcha depozitlarda, shu jumladan, yevro va funt sterlingni qabul qiladi. Ba’zi banklar yevroda alohida depozitlarni taklif qilishadi, lekin ularning rentabelligi ko’pincha past bo’ladi. Hamkorbankda yevropa valyutasini 6 oy davomida yillik 2%, O’zmilliybankda — 3 oy muddatda (2%), “Asaka” bankda — yiliga 4% miqdorida joylashtirilishi mumkin.

Foizlar har oyda omonat ochilgan valyutada naqd pulda to’lanadi. Faqat “O'zsanoatqurilishbank"da foizlar Markaziy bank kursi bo’yicha so’mda hisoblab chiqiladi.

Spot shartlar tez-tez o’zgarib turayotganligi bois ma’lumotni aniqlashtirish yuzasidan bankka murojaat qilishni maslahat beradi.

“Ziraat Bank Uzbekistan”

Foiz stavkasi — 7%. 24 oylik omonat qo’yish uchun kamida 500 $ ga ega bo’lish kerak. Qo’shimcha depozitlar faqat dastlabki 6 oy ichida qabul qilinadi. Omonat muddatidan avval yopilganda foizlar yiliga 3,5% miqdorida to’lanadi.

“Orient Finans Banki”

Stavka 7%ni tashkil etadi. Depozit 1100 kunga, ya’ni uch yilga beriladi. Dastlabki minimal depozit 500 $ ni tashkil etadi, ammo qo’shimcha mablag’lar qabul qilinmaydi. Agar qo’yilgan mablag' muddatidan oldin qaytarib olinsa, omonat bo’yicha foizlar to’lanmaydi.

“Infinbank”

Foiz stavkasi — 6,5%. Omonat muddati — 13 oy bo’lib, boshlang‘ich badali — 1000 $ ni tashkil etadi. Qo’shimcha badallar faqat dastlabki olti oy davomida qabul qilinadi. Omonat muddatidan avval yopilganda foizlar to’lab berilmaydi va to’langan foizlar omonat summasidan ushlab qolinadi.

“Agrobank”

Foiz stavkasi — 6%, muddati — 18 oy. Boshlang’ich to’lovning eng kam miqdori 100 $ ni tashkil etadi. Pul mablag’lari nafaqat naqd pulda, balki Visa plastik kartasi orqali ham qabul qilinadi. Hisoblangan foizlar oyda bir marta mijoz talabiga binoan naqd pulda yoki avtomatik ravishda plastik kartaga o‘tkaziladi.

“Kapitalbank”

Foiz stavkasi 5,5%ni tashkil etadi. Boshlang’ich badalning minimal miqdori 500 $ yoki yevro. Foiz stavkasi — pul mablag’lari joylashtirilgandan so’ng 1−12 oygacha yillik 5,5%, 13−25 oygacha yillik 5%. Depozitni 2 yoki 3 oy ichida yopib qo’ysangiz, foizlar yiliga 3%, 4−6 oyda — 4%, 7−12 oyda — 5,5%, 13 oy va undan ortiq miqdorda foizlar summasi omonat shartlariga binoan to’liq to’lab beriladi.

“Trastbank”

Foiz stavkasi — 6%. Muddati — 25 oy. Ro’yxatga olish uchun kamida 500 $ talab qilinadi. Omonatga qo’yiladigan mablag' faqat naqd AQSh valyutasida qabul qilinadi.

“Turonbank”

Foiz stavkasi — 7%, minimal badal summasi — 500 $. 100 $dan kam bo’lmagan miqdorda qo’shimcha mablag' kiritish mumkin.

“Hamkorbank”

Foiz stavkasi — 6%, muddati — 18 oy. Eng kam badal 300 $ miqdorida bo’lishi kerak, bank qo’shimcha mablag' qabul qilmaydi. Omonat hisobvarag’i muddatidan 3 oydan oldin talab qilinsa, omonat foizi to’lanmaydi. Depozit 3−6 oy ichida yopilganda foizlar yiliga 3%, 7−9 oyda — 4%, 10−14 oyda — 5%, 15−18 oyda esa foizllar 6% miqdorida to’lab beriladi.

“O'zsanoatqurilishbank”

Foiz stavkasi — 6%, muddati — 400 kun. Minimal badal summasi — 100 $. Omonatga mablag‘lar naqd pulda qabul qilinadi. Omonatning saqlash muddati davomida qo‘shimcha mablag‘lar kiritilishi ko‘zda tutilmagan. Foizlar, har oyda Markaziy bank kursi bo‘yicha so‘mda to‘lab beriladi.

Ilgari Spot 2019 yil iyun oyida O’zbekiston banklarida milliy valyutadagi eng daromadli omonatlar haqida ma’lumot bergan edi.