“Mikrokreditbank” ATB va “Xalq banki” ATBni “oilaviy tadbirkorlik"ni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtiruvchi banklar etib belgilandi. Bu haqda prezident farmonida keltirilgan.

“Oilaviy tadbirkorlik"ni rivojlantirish va, umuman, aholining tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash davlat dasturlari doirasida avval ajratilgan kreditlar hisobiga bo‘shaydigan mablag‘lar mazkur banklarga kichik biznes va tadbirkorlikni bozor sharoitlariga yaqin stavkalarda kreditlash uchun yo‘naltiriladi.

Farmon bilan, tadbirkorlik faoliyati uchun kreditlarni soddalashtirilgan tartibda va teng shartlarda jalb qilish imkonini beruvchi “bir xil” (namunali) bank mahsulotlari — “modul"lar ishlab chiqilib, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga bank xizmatlarini ko‘rsatish amaliyotiga joriy etiladi.

Tijorat banklarining kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish bo‘yicha alohida tarkibiy bo‘linmalari tashkil qilinadi.

Shuningdek, Sirdaryo va Andijon viloyatlarida, hamda Toshkent shahrida mijozlarga tezkor xizmat ko‘rsatish uchun ixcham “bank xizmatlari ofislari” tashkil qilinib, keyinchalik respublikaning barcha shaharlari va tumanlarida ularning tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.