Qirg‘izistonda yuk tashuvchi transport vositalari uchun yozgi cheklovlar joriy etiladi, deya xabar berdi Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi.

“2026-yil 1-iyundan 1-sentabrgacha Qirg‘izistonda yuk avtomobillarining harakatlanishiga cheklovlar joriy etiladi”, — deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, havo harorati +28°C dan yuqori bo‘lgan kunlarda og‘ir yuk tashuvchi transport vositalari harakatiga kunduzi cheklovlar joriy etiladi.

Cheklovlar, ayrim istisnolardan tashqari, to‘liq ruxsat etilgan og‘irligi 18 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk transport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu cheklov quyidagi transport vositalariga tatbiq etilmaydi:

  • yo‘lovchi tashish;
  • insonparvarlik yordamini yetkazib berish;
  • tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlari va xavfli yuklarni tashish;
  • maxsus ruxsatnoma asosida yirik hajmli yuklarni tashish;
  • Vazirlik tomonidan jamoat yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishda ishtirok etuvchi yo‘l boshqarmalari va pudratchi kompaniyalar tomonidan yo‘l ishlarini bajarish uchun ajratilgan yo‘l uchastkalarida.

Mazkur choralar yo‘l qoplamasini yuqori harorat ta’siridan himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.

Qirg‘iziston hududi orqali harakatlanuvchi milliy tashuvchilar va logistika kompaniyalariga marshrutlar hamda yetkazib berish muddatlarini rejalashtirishda ushbu cheklovlarni inobatga olish tavsiya etiladi.


Avvalroq Spot Rossiyada xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar uchun bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirilgani haqida yozgandi.

Yangi qoidalar MDHga a’zo davlatlar va Gruziya fuqarolariga tatbiq etiladi hamda joriy yil 30-iyundan kuchga kiradi.