Soliq qo‘mitasi Soliq mobil ilovasida ommaviy ravishda paydo bo‘layotgan “shubhali foydalanuvchi” maqomi yuzasidan izoh berdi.
Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim toifadagi mahsulot va xizmatlar xaridi uchun 1% keshbek o‘rniga xarid summasidan to‘langan QQSni qaytarish tizimi joriy etilgan.
Biroq ayrim fuqarolar ushbu mexanizmdan noqonuniy foydalanishga uringani aniqlangan.
4-may kuni budjet mablag‘larining asossiz sarflanishi va keshbek tizimidagi ehtimoliy qonunbuzarliklar yuzasidan dastlabki tahlillar o‘tkazildi.
Natijada Andijon viloyatida bir guruh shaxslar Soliq mobil ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘ni noqonuniy ravishda keshbek sifatida o‘zlashtirgani fosh etilgan.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya yagona reyestridagi fuqarolarga 9 turdagi mahsulot va xizmatlarni sotgan hamda faoliyatida shubhali holatlar kuzatilgan 649 ta korxona faoliyati ham o‘rganilmoqda.
Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, ushbu korxonalar 2025−2026-yillarda onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali 36,8 trln so‘mlik aylanmani rasmiylashtirgan. Natijada 771,1 ming nafar fuqaroga jami 347,9 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilgan.
Hozirda soxta cheklar asosida QQS qaytarib olishga uringani aniqlangan Ijtimoiy himoya yagona reyestridagi 204,1 ming nafar fuqaro “shubhali xaridorlar” reyestriga kiritilgan.
Shu sababli ularga 2026-yil aprel oyi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan 102,5 mlrd so‘mlik ijtimoiy keshbek mablag‘larini qaytarish vaqtincha to‘xtatildi.
Soliq qo‘mitasi fuqarolarni Soliq mobil ilovasida faqat o‘zlari amalga oshirgan xaridlar bo‘yicha berilgan fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazishga chaqirdi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa shaxslar orqali tarqatilgan soxta xarid cheklarini ilovaga kiritmaslik zarurligini eslatdi.
Spot, avvalroq, ipoteka krediti bo‘yicha soliq imtiyozlari avtomatik ravishda qaytarilishi haqida yozgandi.