Avvalroq prezident raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda mintaqada maishiy kimyo mahsulotlari bo‘yicha $2 mlrdlik bozor mavjud ekani taʼkidlandi.

Angren erkin iqtisodiy zonasidagi tadbirkor dunyoga mashhur Henkel kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hozirda Henkel ushbu korxonani sotib oldi va shu yerdan MDH davlatlariga mahsulot yetkazib berishni reja qilmoqda.

Bunday loyihalarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtdagi sanoat zonalaridan biridagi maydonlar maishiy kimyo loyihalari uchun beriladi.

Ishga tushirilgan korxonalarni brendi bilan birga tayyor daromadli biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti bilan loyihalarga $50 mln ajratilishi reja qilindi.

Boshqa viloyatlardagi bunday loyihalarga Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan $15 mln yo‘naltiriladi.

Umuman, mutasaddilarga maishiy kimyoda yana kamida 100 ta brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Tahlillarga ko‘ra, dunyoda mineral o‘g‘itga talab yiliga 5% dan o‘sib, 2030-yilda $260 mlrddan oshadi.

Yangi agrotexnologiyalar hisobiga suvda eruvchan o‘g‘itga bo‘lgan ehtiyoj keskin ko‘payayotgani aytildi.

Investorlar bilan muzokaralar natijasida Qashqadaryoda yillik quvvati 230 ming tonna bo‘lgan $114 mlnlik, Sirdaryo viloyatida $400 mlnlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Umuman, uch yilda soha masʼullari va hokimlar oldida $2,8 mlrdlik 42 ta loyihani ishga tushirish vazifasi turgani qayd etildi.

Bu orqali 2030-yilga borib, azotli o‘g‘it ishlab chiqarish hajmini 2,8 mlndan 4 mln tonnaga, fosforli o‘g‘itni 400 mingdan 900 ming tonnaga, suvda eruvchan o‘g‘itlarni 100 mingdan 400 ming tonnaga yetkazish muhim ekani taʼkidlandi.