Avvalroq prezident raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari bugun korxonalardagi yosh laborantlar, dual taʼlim asosida ishlayotgan talabalar bilan gaplashib, olimlarning taqdimoti bilan tanishib, sohaga ilm-fan kirib borayotganiga amin bo‘lganini taʼkidladi.
Lekin bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘pligi qayd etildi. Sohada taʼlim, tadqiqot, laboratoriya, startaplarni o‘z ichiga olgan yaxlit tizim yaratiladi.
Buning uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 60 gektar yerda Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va taʼlim klasteri tashkil qilinadi.
Mazkur klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etiladi. Ushbu markazda tajriba-sinov o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi qoplab beriladi.
Kelgusi yil yakunigacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali klaster hududiga ko‘chiriladi.
Suvda eriydigan o‘g‘it, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo bo‘yicha rejalashtirilgan katta loyihalar hisobiga nanokimyo, “yashil” kimyo, super-molekulyar kimyo, sun‘iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlarga talab paydo bo‘ladi.
Shu maqsadda kimyo sohasida kadr tayyorlaydigan 35 ta oliygohning professor o‘qituvchi va kafedra mudirlari loyihalarga biriktirildi.
Yangi o‘quv yilidan ushbu ehtiyojlardan kelib chiqib kadr tayyorlashni boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, kimyo sanoati bo‘yicha $17 mlrdlik 350 dan ziyod loyihani ishga tushirish bo‘yicha dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi.
Ushbu katta marralarni bajarish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish talab etiladi. Shu bois, O‘zkimyosanoatni transformatsiya qilish zarurligi qayd etildi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Spot, avvalroq, kimyo sanoatida $2,8 mlrdlik 42 ta loyiha ishga tushirilishi haqida yozgandi.