Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mehmonxona davlat ulushi nega sotilmayotgani yuzasidan bayonot berdi.

Fevral oyida Spot “Uzbekistan” mehmonxonasi sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergan edi. Baholangan boshlang’ich narx — 33 million $ni tashkil etgan.

Avgust oyida mehmonxona davlat ulushining boshlang‘ich narxi 10%ga pasaytirilib, 29,7 mln $ga tushirildi. Endilikda mazkur miqdor 26,4 mln $ etib belgilandi.

Bugungi kunga qadar 50 dan ziyod mahalliy, hamda xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borilganiga qaramay hech qaysi bir investor tomonidan mazkur mehmonxona majmuasini sotib olish yuzasidan aniq takliflar berilmagan.

Agentlik bino davlat ulushi sotilmayotganining asosiy sabablari, narx-navo qaysi mezonlar asosida belgilangan, investor va tadbirkorlarning talab va istagi nimada ekanligiga aniqlik kiritdi.

“Mazkur sotish mexanizmi 2003 yildan beri qo‘llanib kelinayotgan avvalgi qonunchilik talablari, hamda o‘sha kezdagi jamiyatning ta’sis shartnomasiga asosan davlat ulushi 31,6 mln $ni tashkil etgan va boshlang‘ich narxni ushbu qiymatdan pasaytirish imkoni bo’lmagan. Shuning uchun boshlang‘ich narx 33 mln $ etib belgilangan”, deyiladi xabarda.

Investorlar mehmonxona joylashuvi qulayligi, sayyohlarni jalb etish imkoniyati kengligiga qiziqish bildirmoqda, biroq mazkur davlat aktivining bugungi kundagi real holatiga nisbatan baland ekani, umuman yillik daromadlar hisob-kitob qilinganda uni qoplash uchun bir necha o‘n yillar kerak bo‘lishi, qolaversa, xonalarning balandligi va kengligi 4 yoki 5 yulduzli mehmonxonalar talabiga to‘g‘ri kelmasligi, bino qurilishida betondan foydalanilganligi bois uni buzib qayta qurish ham katta mehnat talab etishi tadbirkorlar tomonidan ta’kidlanmoqda.

Investorlar esa 100% ulushni sotib olish istagini bildirishmoqda.

Investitsiya majburiyatlariga ko‘ra, majmuani sotib olgan investorga ikki yil ichida 100 mlrd so‘m miqdorida sarmoya kiritishi, 10 yil davomida asosiy faoliyat turi ya’ni mehmonxona xizmati ko‘rsatishni saqlab qolgan holda tashqi fasadini o‘zgartirmasdan mehmonxonani ta’mirlashi va boshqaruvga eng ilg‘or menejerlarni jalb qilishi talab etiladi.