Fevral oyida Spot “Uzbekistan” mehmonxonasi sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergan edi. Baholangan boshlang’ich narx — 33 million $ni tashkil etgan.

Endilikda mehmonxona davlat ulushining boshlang‘ich narxi 10%ga pasaytirilib, 29,7 mln $ etib belgilandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Investitsiya majburiyatlariga ko‘ra, majmuani sotib olgan investorga ikki yil ichida 100 mlrd so‘m miqdorida sarmoya kiritishi, 10 yil davomida asosiy faoliyat turi ya’ni mehmonxona xizmati ko‘rsatishni saqlab qolgan holda tashqi fasadini o‘zgartirmasdan mehmonxonani ta’mirlashi va boshqaruvga eng ilg‘or menejerlarni jalb qilishi talab etiladi.

“Otel O`zbekiston” MChJ qo‘shma korxonasi ustav kapitalidagi davlat ulushi yer va unda joylashgan infratuzilma obyektlari hamda “O‘zbekiston” mehmonxona kompleksi binosidan 99 yil davomida foydalanish (tasarruf etish huquqisiz) huquqi shaklida shakllantirilgan.

Majmua 2017 yilda 7 mlrd 100 million so‘m, 2018 yilda 6 mlrd 300 million so‘m sof daromad ko‘rgan.

Mehmonxona umumiy yer maydoni 17.482 m2 ni tashkil etadi. Bino 17 qavatdan iborat bo‘lib, jami 315 ta xonasi mavjud.

Batafsil ma’lumot bu yerda.