korzinka.uz tarmoqlari asoschisi Zafar Hoshimov soliq islohotidagi o’zgarishlarning narxlarda qanday aks etishi haqida so‘zlab berdi.

1 oktyabrdan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20%dan 15%ga tushirilishi o‘ziga xos va shu vaqtning o‘zida dramatik xususiyatga ega. Ushbu soliq tizimida bunday keskin pasayishni jahon tajribasida ham bir-ikki misoldan ortiq hech bu kabi keskin o‘zgarish bo‘lmagan bo‘lmasa kerak", yozadi tadbirkor.

Zafar Hoshimov soliq stavkasi pasayishi bilan bir vaqtda oktyabr boshidan QQSga bir qator imtiyozlar, deyarli barcha imtiyozlar bekor qilinganini eslatib, ular qanchalik foydasiz va hattoki zararli bo‘lganini qayd etdi:

“Iste'molchilar ushbu imtiyozlardan deyarli hech qanday naf ko‘rmas edilar. Avtozavod QQS to‘lamagani bilan, avtosalon uni to‘lasa, NQZ va TMK QQSsiz yonilg‘i chiqarsayu, AYQShlar esa baribir uning narxini sotuvdagi narxga qo‘shib sotishsa, biz bilan sizga bunday imtiyozlardan ne foyda? Sut QQSsiz bo‘lsayu, undan tayyorlangan mahsulotlar barchasiga kefir, tvorogdan tortib, qaymoq va pishloqqacha QQS yuklangan bo‘lsa”, deb yozadi tadbirkor.

U shuningdek, bu holat go‘sht va go‘sht mahsulotlariga ham taalluqliligini, (masalan, kolbasada baribir QQS bor) butunlay teskari holatni esa un va non mahsulotlarida kuzatish mumkinligini ta’kidladi.

Ularning har bir tarkibiy qo‘shimchasigacha tannarxida QQS kirgan. Novvoyxona mahsulotlari esa ushbu soliqdan ozod. Va ular un mahsulotlari ichidagi QQSni to‘g‘ri tannarxga qo‘shishar edi.

Ayni misollarning barchasida iste’molchilar baribir QQS to‘lagan. Ammo bunday imtiyozlar soliq to‘lovchilar zanjirida adolatli taqsimlanishga to‘sqinlik qilib, turli xil egrilanish va disbalanslarga sabab bo‘lgan.

“QQS pasayishi barcha mahsulotlar narxiga ijobiy ta’sir qilishi kerak. Narxlar tez orada “yumshashi"ni kutamiz. Ammo 1 oktyabrgacha QQS bo‘yicha muayyan imtiyozlar amal qilgan mahsulotlar bor. Bular: go‘sht, tovuq, tuxum, sut, piyoz, kartoshka, shakar, guruch, baliq va non”, yozadi korzinka.uz tarmoqlari asoschisi.

Hoshimov mazkur imtiyozlarning bir vaqtda bekor qilinishi tahminlarga ko‘ra yuqoridagi mahsulot narxlariga nazariy jihatdan salbiy ta’sir berishini qayd etdi.

Umuman olganda esa o‘rtacha vaqtda mahsulotlar narxi darajasi qanday bo‘lishi va qabul qilingan qaror bozorning umumiy kon’yunkturasida qay darajada aks etishi borasida hech kim yakuniy va aniq xulosa bera olmasa kerak.

Tadbirkor soliq stavkasi kamaytirilishi aksariyat tovarlarning narxini shakllantirishga ijobiy turtki berishi, ularning ishlab chiqarilishi hajmi ortishi, ta’minotchilar va ishlab chiqaruvchilar orasida raqobat avj olishi, xarajatlar qisqarishi, soyadagi iqtisodiyot ulushi kamayishiga, natijada esa narxlar pasaymasada, hech bo‘lmasa, o‘sishi to‘xtashi yoki ancha sekinlashishiga olib kelishiga ishonadi.

Ilgari Spot Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev soliq siyosatidagi o’zgarishlar tadbirkorlar hisobida qancha mablag‘ jamg‘arib qolinishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.