Sun’iy intellekt allaqachon kompaniyalar uchun inson mehnatidan qimmatroqqa tushmoqda. Bu haqda Axios xabar berdi.
Biznes sun’iy intellektga xodimlarning maoshidan ko‘ra ko‘proq mablag‘ sarflayapti, IT-loyiha budjetlari esa shiddat bilan o‘sib, ko‘pincha rejalashtirilgan chegaradan chiqib ketmoqda.
Nvidia vitse-prezidenti Brayan Katanzaroning so‘zlariga ko‘ra, uning jamoasida hisoblash resurslari uchun qilinadigan xarajatlar xodimlarga ajratiladigan mablag‘dan “ancha yuqori”.
Shunga o‘xshash holat boshqa kompaniyalarda ham kuzatilmoqda: masalan, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Uber texnik direktori sun’iy intellekt uchun 2026-yilga mo‘ljallangan butun budjetni allaqachon sarflab bo‘lgan.
Umumiy tendensiyani prognozlar ham tasdiqlamoqda va Gartner hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda global IT xarajatlari 2025-yilga nisbatan 13,5% ga oshib, $6,31 trni tashkil etadi.
O‘sishning asosiy drayveri — sun’iy intellektni rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan infratuzilma, dasturiy ta’minot va bulutli xizmatlarga yo‘naltirilgan sarmoyalardir.
Shu bilan birga, kompaniyalar bunday sarmoyalar o‘zini oqlashini isbotlashi kerak bo‘ladi. Investorlar aniq bir samara — mehnat unumdorligi va moliyaviy natijalar o‘sishini kutmoqda. Shu nuqtai nazardan, kim samaraliroq: insonmi yoki “raqamli xodim”?, degan savol tug‘iladi.
Uzoq muddatli istiqbolda sun’iy intellekt xizmatlari narxining oshishi bu sarmoyalarni raqobatdagi ustunlikdan zarar manbayiga aylantirishi mumkin.
Agar texnologiyalar narxi o‘sishda davom etsa, inson mehnati yana iqtisodiy jihatdan foydaliroq variant bo‘lib chiqishi mumkin.
Shunga qaramay, ko‘plab kompaniyalar shtatlarni qisqartirish hisobiga qo‘shimcha mablag‘larni sun’iy intellektni rivojlantirishga yo‘naltirish niyatida. Masalan, o‘tgan hafta Microsoft 9 ming nafar xodimiga nafaqaga chiqishni taklif qildi.
Avvalroq Spot BAA ikki yil ichida davlat xizmatlarining yarmini SI orqali yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Bunda davlat sektorlari, xizmatlari va operatsiyalari agentli sun’iy intellekt asosida faoliyat yurita boshlaydi.