BAAda yaqin ikki yil ichida davlat sektorlari, xizmatlari va operatsiyalarining 50%i agentli sun’iy intellekt asosida ishlaydigan bo‘ladi, deya xabar berdi BAA Bosh vaziri va Dubay amiri Muhammad bin Roshid Ol Maktum o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Qayd etilishicha, bu BAAni avtonom tizimlar yordamida faoliyat yuritadigan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi.
“BAA prezidentining ko‘rsatmasiga binoan biz davlat boshqaruvining yangi modelini joriy etmoqdamiz”, — deb yozdi Dubay amiri.
Uning qayd etishicha, sun’iy intellekt endi shunchaki vosita emas. U real vaqt rejimida tahlil qiladi, qarorlar qabul qiladi, ularni bajaradi va takomillashtirib boradi.
SI xizmatlarni yaxshilash, qarorlar qabul qilishni tezlashtirish va samaradorlikni oshirishda rahbariyat darajasidagi hamkorga aylanadi.
“Bu o‘zgarishning aniq muddati bor. Ikki yil. Hukumat faoliyatining samaradorligi davlat ishini qayta loyihalash jarayonida sun’iy intellektning joriy etilishi tezligi, tatbiq etish sifati va o‘zlashtirilishi bilan o‘lchanadi. Biz o‘z xodimlarimizga sarmoya kiritamiz”, — dedi u.
Har bir davlat xizmatchisi sun’iy intellektni o‘zlashtirishga o‘qitiladi va bu SIga asoslangan davlat boshqaruvi sohasida dunyodagi eng kuchli salohiyatlardan birini yaratish imkonini beradi.
Amalga oshirish jarayoni Shayx Mansur bin Zayd tomonidan nazorat qilinadi, vazifalar ijrosi uchun esa Muhammad al-Gergaviy raisligidagi maxsus ishchi guruh mas’ul bo‘ladi.
Avvalroq BAAda 7-sinfgacha o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlangani haqida xabar berilgandi.
Amirlik Ta’lim vazirligi maktablarda generativ sun’iy intellektdan, jumladan ChatGPT kabi ilovalardan foydalanishni tartibga soluvchi keng qamrovli tizimni joriy etdi.
Qayd etilishicha, bu akademik halollikni himoya qilish, o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash hamda tartibli va xavfsiz ta’lim muhitini saqlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar vazirlikning 2026-yildagi “Sinflarda sun’iy intellektdan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish” qo‘llanmasida bayon etilgan bo‘lib, unda bunday texnologiyalardan foydalanishning ruxsat etilgan chegaralari aniq belgilangan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, tasdiqlangan doiradan tashqari har qanday foydalanish amaldagi ta’lim qoidalariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.