Avvalroq prezident gidroenergetika sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda dunyo amaliyotida gidro to‘plash elektr stansiyalarini qurish orqali energiyani saqlash va qayta taqsimlash tizimlari keng joriy etilayotgani ta‘kidlandi. Mamlakatda ham ilk bor umumiy quvvati 1,4 GVt bo‘lgan 3 ta shunday stansiyani barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, umumiy quvvati 164 MVt bo‘lgan 2983 ta kichik va mikro GES qurish rejalari muhokama qilindi.

Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish ham soha samaradorligini oshirishning muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi.

Suv omborlari va gidroinshootlarda suv sathi, suv hajmi, bosim, meteomaʼlumotlar va ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Hozirda suv omborlarining xavfsizligini taʼminlash uchun 3,5 mingta nazorat-o‘lchov apparatlari o‘rnatilgan.

Davlat rahbari gidroenergetika sohasidagi loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Taqdimotda poytaxt hududidagi daryo va kanallar bo‘ylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sunʼiy ko‘l va havzalar barpo etish bo‘yicha ishlar to‘g‘risida ham axborot berildi.

Jumladan, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga 306 gektar yer maydonida Daryo bo‘yi loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Bektemir kanali bo‘yida 187,3 gektar maydonda “yashil belbog‘” yaratiladi, sayilgohlar barpo etiladi. Piyodalar va veloyo‘laklar, ichki yo‘llar, yoritish tizimlari hamda ko‘priklar quriladi.

Poytaxtda 4 ta sunʼiy ko‘l va suv havzalarini tashkil etish loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezident aholi uchun qulay sharoitlar, shaharda salqin mikroiqlim yaratishga bu kamlik qilishini qayd etib, ko‘llar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi.

O‘tgan yilning noyabrida qabul qilingan prezident farmoni bilan Toshkentda uch oyda 12 ta sun‘iy ko‘l va suv havzasi barpo etilishi belgilangandi.


Spot, avvalroq, Karkidon suv omborida $50 mlnlik sayyohlik majmuasi qurilayotgani haqida yozgandi.