Ahmad Meliboyev O‘zbekistonda birinchi bo‘lib fastfud tayyorlagan mutaxassislardan — 2014 yili uncha katta bo‘lmagan jamoasi bilan Toshkentda ilk bor tolqonga bulangan tovuq go‘shti retseptini ishlab chiqdi va “Oybek"da Les Ailesning birinchi filialini ochdi.

Hozir Havoqand People kompaniyalar guruhida burger, xot-dog yoki o‘sha tolqonga bulab pishirilgan tovuq go‘shti tayyorlashga ixtisoslashgan 30 ta muassasa bor. Loyihalar ochiladi va yopiladi, total rebrending yoki yengil restaylga uchraydi, Ahmad esa bu vaqtda fastfuddan restoran loyihalariga o‘tish, avvalgilarini esa ko‘lamlashtirishni rejalashtiradi.

Birinchi loyihalar

Tadbirkorlikka men 11 yoshimda kirib kelganman — Qo‘qonda yashardim, avtobusda Toshkentga “Ippodrom” bozoriga borib, u yerda tovar sotib olardim va ularni Farg‘ona viloyati shaharlarida sotardim. Maktabni tugallab, bir do‘stimning magazinida ishladim, bu 1996−1997 yillar bo‘lib, o‘shanda endi-endi dastlabki tijorat do‘konlari paydo bo‘layotgan edi.

Keyin ko‘p boshqa ishlar bo‘ldi, 2005 yili Paynet’da ishlay boshladim. Uch yillik mehnatdan keyin hududiy vakil bo‘ldim, 3000 ta savdo nuqtasi bilan ishladim. Men u vaqtlarda qahvaxonalarga borish va u yerda ish qanday yo‘lga qo‘yilganini ko‘rishni juda yaxshi ko‘rardim, shunday qilib tez orada Qo‘qonda fastfudning birinchi nuqtasini ochishga qaror qildim. U vaqtda bu ish yangilik edi va ishlarim juda yahshi yurishdi.

Undan so‘ng Gangada fastfudxona ochdim, biroq u tez yopildi. Yana keyinroq taomlarni yetkazib berish servisi, uning nomi ham yo‘q edi, biz shunchaki bozordagi sotuvchilarga va katta kompaniyalarga tushlik yetkazib berardik.

Bulardan keyin jiddiyroq ishga qo‘l urgim keldi. 2014 yili Toshkentning hech bir joyida tolqonga bulab pishirilgan tovuq go‘shti yo‘q edi, to‘g‘ri, raqobatchilar topilardi, masalan, u vaqtlarda boshqacha atalgan Big Burger va Evos.

Biz “Oybek” metro bekati tartafda bino topdik va sakkiz oy davomida mustaqil ravishda taomnoma ishlab chiqdik. Bu vaqt mobaynida men chamasi bir tonna tovuq go‘shti yegandirman — biz professional oshpaz yoki texnologlarni jalb etmagandik va sous hamda boshqa kerakli hamma narsani o‘zimiz ishlab chiqdik.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Poxol shlyapadagi ambassador

Birinchi joyni ochishga hammasi bo‘lib 70 ming $ atrofida mablag‘ sarflandi. Boshida Xitoyning jihoz-uskunalarini oldik, biroq ikki yil davomida uni birmuncha yaxshilari bilan almashtirdik. Binoni ijaraga oldik, bizda umuman, hamma savdo punktlarimiz ijarada, hech qachon ularni sotib olmaymiz. U paytlarda atigi o‘nta odam edik, mening o‘zim ba’zan peshtaxta ortida turardim yoki pol yuvgan paytlarim ham bo‘lgan.

Birinchi ish kunida jami 16 kishi tashrif buyurdi, ertasi kuni esa 50 dan oshdi, birinchi kun kelganlar yangi joy haqida do‘stlariga aytgan bo‘lsalar kerak. Hech qanday reklama bo‘lmagan, faqat bu xabar og‘izdan og‘izga ko‘chgan xolos.

Keyin men uchun esdan chiqmaydigan voqea yuz berdi: shanba kuni ertalab edi, zalda uch-to‘rt kishi ovqatlanib o‘tirardi. Shu vaqt poxol shlyapa kiygan bir kishi kirib keldi. Tvister buyurtma berdi, buyurtmani olib, avtomobil tomon yurdi. Men derazadan uni kuzatib turardim: u o‘zini tiya olmay, taomni shu zahoti tatib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Birinchi tishlam — va uning yuzi o‘zgardi, keyin esa u tvisterni suratga oldi. Suratga olsang olaver, deb o‘yladim va ish bilan chiqib ketdim.

Ikki soatdan keyin qahvaxonaga kelganimda kassa oldida 70 kishi navbat kutib turardi! Poxol shlyapadagi odam taomni suratga olib, o‘sha vaqtda Facebook’da mavjud bo‘lgan “Общепит “sahifasiga joylashtirgan va uning yoniga zo‘r yangi tamaddixona ochilgani haqida yozib qo‘ygan ekan. Bu odam Fara Alimov (boshlovchi, konferansye, xonanda Rayxon G‘aniyevaning turmush o‘rtog‘i — Spot tahriri) edi.

Men hozirga qadar uni o‘zimizning ambassador deb hisoblayman — o‘sha kuni tamaddixonaga umumiy miqdori 250 kishi tashrif buyurdi, mening o‘zim peshtaxta yonida turishga majbur bo‘ldim, aks holda biz buyurtmalarni tayyorlashga ulgurmasdik. Les Ailes muvaffaqiyati tarixi o‘shandan boshlandi.

Ishlarimiz yaxshi borar, birinchi oydanoq foyda bilan chiqdik va ishimizni kengaytirishga qaror qildik. O‘sha vaqtda bu biz uchun juda muhim edi — odamlar ko‘p kelar, formatdan nusha olishardi, shuning uchun kengayish va asosiy lokatsiyalarni o‘zimiz egallashimiz lozim edi. Shu zaylda bizning ikkinchi filialimiz endigina ochilgan Samarqand Darvoza markazi fudkortidagishahobcha bo‘ldi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Fudkort mijozlari — befarq bo‘lmagan auditoriya

Fudkortda savdo shahobchasi ochish uchun 10 ming $dan 150−200 ming $gacha sarflash mumkin, bu jihoz-uskunalar va bezashga bog‘liq. Biz o‘zimizning birinchi shahobchamizga 40 ming $ sarfladik, hozir esa fudkortdagi bitta muassasa bizga 50−70 ming $ga tushadi. Avval fudkortga kim ijara haqini to‘lashga qurbi yetsa bo‘ldi, hammani olishardi, endi esa birmuncha qiziqarli brendlarni tanlashadi, biroq hammasi savdo ko‘ngilochar markaz rahbariyatiga bog‘liq, albatta.

Biz Samarqand Darvozadagi fudkortda kuniga 70 ta chekdan boshlagandik, hozir ular 400 atrofida. Biz, ijarachilar, SKM menejmentiga, ularning marketingi va rivojlanishiga juda bog‘liqmiz. Masalan, ayrim hududlarda shunday muammo bor: savdo markazida xaridorlar uchun birinchi qavatdagi supermarketdagidek kuchli langar yo‘q. Toshkentda bu masalada deyarli qiyinchilik yo‘q, har bir SKMda pastda Makro yoki korzinka.uz, qandaydir kiyim-kechak do‘konlari mavjud — bularning bari mehmonlar oqimini ta’minlaydi.

SKM auditoriyasi statsionar muassasasi auditoriyasidan keskin farq qiladi: ular sening muassasangda ko‘p ham bo‘lavermaydigan odamlar. Ularga tanish yegulik va arzon narx kerak. Les Ailesning uchinchi filiali Sodiq Azimov ko‘chasida ochildi. Biz uni ochganimizda ko‘cha mutlaqo bo‘m-bo‘sh edi, hozir esa bu yerda bir necha qahvaxona, savdo do‘konlari bor. Biz olgan binoda shu vaqtga qadar Big Burger joylashgan bo‘lib, shuning uchun hamma narsa — oshxona va zal tayyorlangan, biz uncha ko‘p pul sarflaganimiz yo‘q.

Agar bizning barcha bo‘limlarimizni ular ochilgan tartibda sanab o‘tsak, unda to‘rtinchisi Maksim Gorkiydagi (“Buyuk ipak yo‘li” metro stansiyasi — Spot) kafe bo‘ladi, keyingisi esa Yunusobod, undan keyin Chilonzor savdo markazida, keyinchalik biz hududlarga chiqdik va Andijon, Samarqand, Qarshidagi fudkortlarda o‘z bo‘limlarimizni tashkil qildik.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

So‘ngra Chilonzorda — Parus va Atlas savdo ko‘ngilochar markazlarida yana ikkita bo‘lim vujudga keldi. Undan so‘ng “Nukus” kinoteatri, Megaplanet fudkortida. Compass SKMda biz savdo markazi ochilishi bilanoq ishlay boshladik.

Yangi bo‘lim ochilishi jarayoni oralig‘ida o‘rtacha bir necha oy o‘tadi. Biz yangi kafe foydaga kirmaguncha yarim yil vaqt beramiz, chiqimli loyihalar bizda hech qachon bo‘lmagan. Biroq aslida dastlabki beshta bo‘limda harajatlarni qoplash masalasida hech qanday hisob-kitob yuritmaganmiz, barcha foydani esa shunchaki yangi loyihalar ochilishida reinvestitsiya qilishga yo‘naltirganmiz. Endi bir tamaddixona o‘zini qoplashi uchun 15−18 oy talab etilishini yaxshi bilamiz.

Umuman, dastlabki uch yilda biz yaxshi sharoitlarda ishladik, kuchli raqobat bo‘lmadi, 2017 yildan boshlab ancha jadal rivojlanishga kirishdik — agar bunga qadar bizda yetti-sakkizta tamaddixona bo‘lgan bo‘lsa, oxirgi ikki yilda ularning soni uch baravarga oshdi.

Buning sababi shundaki, keyingi ikki yil ichida bozor tez sur’atlar bilan rivojlana boshdadi. Biz ham tezroq o‘sa boshladik, chunki, endi nimadir ishimizga halaqit berishi mumkin, degan qo‘rquv yo‘q edi. Odamlarda xarid qobiliyati oshgandi — aholida ko‘proq pul, ko‘proq imkoniyat paydo bo‘ldi, biroq vaqt kam, endi uning qadriga yetadigan bo‘lib qolishdi. Shuning uchun ham mahsulotni yetkazib berish servisi yaxshi rivojlanyapti.

O‘zbekistondagiyetkazib berish bo‘yicha birinchi Telegram-bot

Les Ailes ochilganda, bizda o‘zimizning yetkazib berish xizmatimiz bor edi, biroq unda kuniga 20 ta atrofida buyurtma bo‘lardi. Keyin bundan ikki yil avval biz O‘zbekistonda birinchi bo‘lib umumiy ovqatlanish mahsulotlarini yetkazib berish uchun Telegram-bot'ni ishga tushirdik.

Ayni vaqtda biz ilova ishlab chiqdik va ishga tushirdik, biroq, uning ishi bo‘lmadi. Bizda hali odamlar bunga tayyor emas ekanlar, buning ustiga O‘zbekistonda buning ancha qulay muqobili — yagona darcha kabi ishlaydigan Telegram bor. Hozir faqat Les Ailesda yetkazib berish bo‘yicha kuniga 700ta buyurtma bo‘ladi va bularning hammasi jarayonning axborotlashuvi tufayli. Umuman, hisob-kitobimizga ko‘ra, Les Ailes’ning barcha tarmoqlari va uning 15 ta bo‘limlarida kuniga 10 mingta odamga xizmat ko‘rsatamiz.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

KFC’ning kirib kelishiga auditoriyani tayyorlashga muvaffaq bo‘ldik deb hisoblaymiz. Biz aholini tolqonga bulab pishirilgan tovuq go‘shti yeyishga o‘rgatdik. Ular bizga raqib emas, ko‘proq hamkor. Toshkentda bizning umumiy auditoriyamiz 200 ming kishi atrofida va ularning hammalarini uydan tashqarida ovqatlanish madaniyatiga qo‘shish lozim.

Shunisi qiziqki, KFC ochilgandan keyingi dastlabki bir necha oy mobaynida bizning savdomiz 20%ga oshdi, keyin yana odatdagi ko‘rsatkichga qaytdi. Biz ayrim o‘zgarishlarni ko‘rgan yagona narsa — bu fudkortlar.

Avvallari kim tovuq go‘shtini yaxshi ko‘rsa, uni faqat bizda tatib ko‘rishi mumkin edi, endi ularda muqobil variant paydo bo‘ldi. KFCda doim tayyor mahsulot bo‘ladi va u tezkor taqdim etiladi, bu klassik fastvud. Bizda esa texnologiya boshqacha — har bir buyurtma tayyorlab qo‘yilgan mahsulotdan pishiriladi va bu biroz vaqt talab etadi. Bu usullarning har birida o‘zining yaxshi va yomon tomonlari bor, bizda bo‘lganidek, KFC’ning ham o‘z sodiq mehmonlari bo‘ladi.

Muammolar: kadrlar va mahsulot yetkazib beruvchilarga bog‘liqlik

Biz mahsulotlarni markazlashgan holda sotib olamiz, uni pishirish bilan bog‘liq tayyorgarlik ishlari umumiy maydoni 1200 kv.m bo‘lgan markaziy oshxonada olib boriladi. Bu uch qavatli katta bino: birinchi qavatda tarqatish va joylash, ikkinchi qavat — oshxona, uchinchisi — ombor. Har kuni oshxonada tovuq go‘shti pishirishga tayyorlanadi va filiallarga tarqatiladi.

Biz tovuqni jismoniy shaxslar yoki bozordan sotib olmaymiz, parrandachilik fabrikasidan, ishlab chiqaruvchilardan olamiz. Biz oladigan tovuqlar muzlatilgan emas, sovutilgan, shuning uchun ular qimmatroq turadi. Buning natijasida bizda tannarx bilan daromad o‘rtasidagi farq atigi 15−18%, bu esa fastfud va umuman umumiy ovqatlanish uchun ancha kam.

Ilgari ishda pulni naqdlash va konvertatsiya kabi muammolar bo‘lardi. Hozir ular yo‘q, biroq biz dollar kursiga juda bog‘lanib qolganmiz. Avvallari mahsulotlarimizning 85%i import qilingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 25%ni tashkil qiladi, biroq narxlar oshib bormoqda. Bular koka-kola, xalapeno qalampiri, Heinz ketchupi. Dollar oshmoqda, bu mahsulotlar narxi ham ko‘tarilmoqda.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Biroq, biz yaqinda narxlar oshganiga o‘z tovarimiz bahosini yana yarim-bir yillar ichida ko‘tarmaymiz. Odamlar yangi narxlarga ko‘nikishini, ish haqi oshishini kutamiz va keyingina narxlarni oshirish masalasini ko‘rib chiqamiz.

Hozir bizda ikkita muammo bor — ish kuchi va mahsulot yetkazib beruvchilarga bog‘liqlik. Biz tarmoqli kompaniyamiz, qamrovimiz katta, tovuq yetkazib beruvchilarda esa, masalan, mavsumiylik bor va ba’zan ular bizga yetarli miqdordagi mahsulot yetkazib bera olishmaydi. Huddi shunday vaziyat koka-kola bilan ham bo‘lib turadi. Bunday paytlarda kutishga to‘g‘ri keladi, chunki kimdandir tekshirilmagan mahsulotni sotib olishimiz mumkin emas.

Ikkinchi muammo — kadrlar masalasi. Birorta institut yo‘q, anjuman ham, konferensiya ham o‘tkazilmaydi, umumiy ovqatlanish sohasida ishlashni istaganlar qayerda o‘qishni bilmaydi. Bizning bilimimiz bu qadar jadal va dinamik rivojlanayotgan bozor uchun real natijalar bera olmaydi. Umumiy ovqatlanish sohasida har doim kadrlar yetishmovchiligi mavjud, biroq bizga ishga kelgan barchani o‘qitamiz, treninglar o‘tkazamiz, kurslarga jo‘natamiz.

Fastfudda marketing — tushlikda qoshiq bo‘lish demakdir

Biz marketing bilan jiddiy shug‘ullanishni 2017 yili boshladik. Hozir oflayn va onlayn reklama, bilbord, bannerlardan, SMM, teleko‘rsatuvlarda xomiy sifatida ishtirok etish usullaridan foydalanyapmiz, klip va filmlarga homiylik qilyapmiz, tadbirlarda qatnashyapmiz. Onlayn-harakat qilishga kelganda, o‘tgan vaqt mobaynida bizning o‘z SMM-mutaxassislar jamoamiz ham shakllandi.

Umuman O‘zbekiston bo‘yicha marketingga biz bir oyda 50 mln so‘m sarflaymiz — bular tashqi reklama, dijital va boshqalar. Rebrending vaqti yoki yangi savdo nuqtalari ochilganda, tabiiyki, ko‘proq bo‘ladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Nima uchun rebrending qilishga qaror berdik? Brend yaralgan vaqtda hech kim u qanchalik uzoqqa borishini bilmasdi. Logotip ishlab chiqarishda realizatsiya qilish uchun ancha murakkab edi — unda xarflarning yo‘qoluvchi qismlari, katta qanotlar, ikki qatorli deskriptor bor edi. Bularning hammasi hozir eskirdi, trendda minimalizm va bir qatorli yozuv bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari bu xildagi logotipni biror reklama mahsuloti yoki interyerga kiritish ham qiyin edi. Umuman FMCG-mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning xizmat muddati, atigi besh-olti yil, shundan keyin ular odatda yo eskiradi va yopiladi, yo bo‘lmasa “jon saqlash” uchun restayling qiladi.

Yangi uslubimiz konsepsiyasini yaratish uchun biz Rossiya agentligini tanladik — O‘zbekistonda, afsuski, bu ishning uddasidan chiqadigan mutaxassislar topilmadi. Restayling natijalariga ko‘ra, mavqeimiz mustahkamlandi, savdo hajmi oshdi va yana bir bor bizni unutishi mumkin bo‘lganlarga o‘z haqimizda eslatib qo‘ydik.

Rebrendingimizga tuxum va sekin-asta ochiluvchi qizil tasmali tizer reklamasi hamrohlik qildi. Tuxumni tanlaganimiz sababi, birinchidan, biz tovuq go‘shtiga ixtisoslashganmiz, ikkinchidan, u yangi hayot, brendimiz qayta tug‘ilgani ramzidir.

Biz kim ekanimizni reklamaning oxirgi bosqichigacha hech kim tushunib yetmasligini xohladik. Keyin bizni UMS bilan adashtirishlari ham rejamizda bor edi. Bu bizga ish berdi. O‘zimiz ham yaxshi anglamagan holda bu reklama kampaniyasini ayni kerakli vaqtda: UMS’da rebrending bo‘lgan vaqtda, yangi yil va Instagram’da tuxum atrofidagi xayp vaqtida berishni boshladik. Hammasi birga amalga oshdi a bizning foydamizga ishladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

“Keng qamrov kasb etmagan loyihalarning qizig‘i yo‘q”

Les Ailes’dan keyin bir muddat o‘tib men yana ikkita muassis bilan birga Chopar’ni ochdim. Chopar loyihalarining birinchisi Samarqand Darvozada fudkortidagi savdo nuqtasi bo‘ldi. Unga qadar bu yerda New York Pizza loyihasi bor edi, biroq u rentabelsiz bo‘lib, o‘zini oqlamadi. Men joyni sotib oldim, rebrending qildim va Choparni yo‘lga qo‘ydim. Keyin menga Pyotr Ten qo‘shildi, u marketingni qo‘lga oldi va ishlar yaxshi ketdi. Hozir Choparning 12 ta filiali bor.

Keyinroq biz The Burger loyihasini sotib oldik va uni “Bro” burgerxonasiga aylantirib rebrending qildik. Olti-sakkiz oylardan keyin rentabelsiz bo‘lgani uchun loyihani yopishga to‘g‘ri keldi: biz mahsulotning o‘ziga stavka qilgandik, biroq butunlay boshqacha bo‘lib chiqdi. Ehtimol, burgerxonani ham oxiriga yetkazish va u bilan jiddiyroq shug‘ullanish kerakdir, ammo menga kengaytirish mumkin bo‘lmagan yakka loyihalarning qizig‘i yo‘q, shuning uchun hozir Torero loyihasi ustida ish olib boryapmiz, uni kengaytiramiz.

Yaqinda men “Skolkovo"da o‘qidim, va biz Baxriddin Chustiy bilan birga Qozonda lag‘monxona ochdik. Uni ham franshiza orqali kengaytirish niyatimiz bor. Rossiyaning har bir shahrida O‘zbekistondan fudkorner bo‘lishini istaymiz. Joriy yilning iyunida Farg‘onada umumiy maydoni 2500 kv.m. bo‘lgan o‘z fudkortimizni ochdik — u yerda o‘zimiz ham ishlaymiz, ijaraga joy ham beramiz.

Yana bir loyiham — Nest Coffee o‘sha Sodiq Azimov ko‘chasida joylashgan. Endi bu boshqa format, kafe-restoranga o‘xshash. Shu tarzda men restoran sohasida bo‘ladigan bo‘lajak loyihalarga tayyorlanyapman. Masalan, ikki yildan beri pishloq restorani ustida ish olib boryapmiz, o‘zimizda ishlab chiqariladigan Italiya yumshoq pishloqlari retseptini ishlab chiqdik. Restoranni shu yil oxirigacha ochishni rejalashtiryapmiz.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Fastfud bozoriga kelganda u faqat rivojlanadi. Odamlarning pullari tobora ko‘payib boraveradi, ular uydan tashqarida ovqatlanishga qo‘shiladi, axir bu butun boshli madaniy qatlam. Biroq, agar xatto iqtisodiyotda hammasi ravon bo‘lmasa ham, biz baribir foyda ko‘ramiz: ilgari kim qimmatroq joylarga borishga harakat qilgan bo‘lsa, bizga kela boshlashadi.

Hozir Les Ailes’da 15 ta nuqta bor, butun kompaniyalar guruhida esa 30 ga yaqin muassasa mavjud. Tez orada Hot Dogi Dog va Torero ham jadal rivojlanadi. Umuman bizning rejalarimiz — bu kengayish, kengayish va yana bir marta kengayish, chunki men avval aytganimdek oddiy loyihalar bilan shug‘ullanishning qizig‘i yo‘q, katta tarmoqlar yaratishni istayman.