Qostanay “СарыаркаАвтоПром” zavodi O’zbekistonga 3847 dona Hyundai va JAC rusumli avtomobillarni jo’natdi, deya xabar bermoqda Forbes.kz.

“Qozog'istonda mahalliylashtirilgan avtomashinalarga talab doim mavjud bo’lgan, O’zbekistonda esa Hyundai avtomobillarining chakana savdo tarmog’i tez sur’atlar bilan o’sib bormoqda”, — deya sharhlaydi Qozog’iston avtomobillar biznesi assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Anar Makasheva.

Hyundai O’zbekistonda

Qozog’iston bozorida 11 ta avtomobil brendini namoyish etuvchi Astana Motors 2019 yilda O’zbekistonga 244 dona Hyundai avtomobillarini sotgan edi. Kompaniya rahbari Nurlan Smagulov bu hajm hali ham ozligini tan olish bilan bir qatorda, bozorni juda istiqbolli deya aytib o’tgan.

“O'zbekiston hukumati bozorni ochish kerakligini, sog’lom raqobat lozimligini tushunmoqda, iste’molchilar boshqa ishlab chiqaruvchilarning ham mahsulotlarini ko’rishni istaydilar” — deydi biznesmen.

JAC O’zbekistonda

2020- yil boshida Qozog’iston O’zbekistonga umumiy hajmi $ 11,8 million bo’lgan 766 dona JAC rusumli avtomobillarni sotishini e’lon qilgan edi.

Qozog’istonning “СарыаркаАвтоПром” zavodi 2015 -yilda Xitoyning JAC krossoverlarini ishlab chiqarishga ruxsat olgan. Qo’shni respublikada ularning narxi 13,5 ming dollardan belgilangan.