Bloomberg yangi iOS 15 va iPadOS 15'da paydo bo‘ladigan o‘zgarishlarni e’lon qildi. Apple vakillari bu masalada izoh berishdan bosh tortdi. Nashrning ta’kidlashicha, kompaniya yangilanishni keyinroqqa qoldirishi ham mumkin, biroq o‘zgarishi kutilayotgan ayrim funksiyalar haqida qisqacha ma’lumotlar bor:

  • Kompaniya “rulda”, “uyquda”, “ishda” kabi yangi rejimlarini qo‘shishni rejalashtirmoqda. Rejimga qarab, xabarlar va qo‘ng‘iroqlarga avtomatik javoblarni o‘rnatish mumkin.
  • Apple iMessage ustida ishlamoqda, u oxir-oqibat to‘laqonli messenjerga aylanadi va WhatsApp bilan raqobatga kirishadi.
  • IPad-da 2010-yildan beri ilk marta asosiy ekran yangilanishida katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Apple foydalanuvchilarga vidjetlarni asosiy ekranga joylashtirish yoki barcha dastur ikonkalarini vidjetlar bilan almashtirishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda.
  • Shuningdek, ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘riladi. Apple yangi menyuni ishlab chiqmoqda, bu foydalanuvchilarga qaysi dasturlar ular haqida yashirincha ma’lumotlarni to‘plashini ko‘rsatib beradi. Garchi kompaniya maxfiylikni yaxshilash bo‘yicha ish olib borayotgan bo‘lsa-da, minglab dasturlar yashirincha ma’lumotlarni to‘plashi va uzatishlari mumkin, deb yozadi Bloomberg.

Avvalroq Spot ma’lumotlar to‘plashdagi yangi o‘zgarishlar sabab Apple va Facebook o‘rtasida muammo kelib chiqqanligi haqida xabar bergan edi.