Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbarining farmoniga muvofiq, 2018-yil 1-apreldan O‘zbekiston Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, yangi konsepsiya asosida ishlashni boshlagan edi. O‘tgan vaqt mobaynida agentlik tizimi takomillashib, xizmat qamrovi kengayib bordi.

Xususan, endi ish boshlangan paytda xizmat turlari 37 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ular 157 taga yetgan. Aholiga kuniga o‘rtacha 57 mingtadan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, xizmatlar qamrovi va tezkorligini oshirish uchun hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham bor. Masalan, zarur ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirilmaganligi sababli atigi 11 foiz xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatilmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali 30 turdagi xizmat ko‘rsatish mumkin, xolos. Undan atigi 11 tasi interaktiv xizmatlar. Elektron identifikatsiya tizimi hamda elektron raqamli imzo bilan ishlash rivojlanmagan.

Taqdimotda shu kabi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. 2021-yil yakunigacha davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 200 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Barcha 716 ta davlat xizmatini inventarizatsiya qilib, ularning muddatlari, to‘lov miqdorlari, shartlari va boshqa talablarini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Idoralararo integratsiya darajasini oshirish, buning uchun davlat xizmatlari uchun to‘lovlarning 20 foizini tashkilotlarning axborot texnologiyalari tizimini rivojlantirishga yo‘naltirish, qog‘oz shaklidagi arxiv hujjatlarini raqamlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Shunindek, elektron raqamli imzo bilan ishlash tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari portalining mobil ilovasini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘lovlarda chegirma berish choralari belgilandi.