2021-yil 28-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda zaytun mevasi va undan tayyorlangan yogʻga jahon bozorlarida talab yuqori boʻlib, asosan aholi isteʼmoli va dorivor maqsadlarda foydalaniladi.

Maʼlumotlarga koʻra, 1 gektar zaytun plantatsiyasidan 15−17 ming dollar, uni qayta ishlash orqali 45−50 ming dollar miqdorida daromad olish mumkin. Oʻzbekiston sharoitida zaytun yetishtirish va uni qayta ishlash agrotexnologiyasi boʻyicha aniq ilmiy asoslangan talab va tavsiyalar mavjud emas.

Sohani rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan “Zaytun moyi va zaytun mevasi toʻgʻrisidagi xalqaro bitimga (Jeneva, 2015-yil 9-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida"gi qonun loyihasini fraksiya aʼzolari koʻrib chiqdilar.

Mazkur hujjat bilan yurtimizda sohada rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda yangi zaytun plantatsiyalari tashkil etiladi, qayta ishlash korxonalari ishga tushiriladi hamda eksport hajmlari oshiriladi. Shuningdek, sohada seleksiya va agrotexnik usullarni qoʻllash boʻyicha oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.