“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Qonun (OʻRQ-721-son, 12.10.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga muvofiq, ayrim litsenziyalanadigan faoliyat turlari bilan ruxsatnoma va xabardor qilish orqali shugʻullanishga ruxsat berilganligi munosabati bilan bir qator qonunlarda litsenziya talabi bekor qilindi.

Shunga koʻra, Jinoyat kodeksiga xabardor qilish yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat bilan xabarnoma yubormasdan yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shugʻullanish juda koʻp miqdorda daromad olish bilan bogʻliq boʻlganida jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishiga oid javobgarlik kiritildi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida ham mazkur harakatlar uchun javobgarlik choralari belgilandi.

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida"gi Qonunda farmatsevtika faoliyatining quyidagi yoʻnalishlariga litsenziya olish talab qilinmasligi belgilandi:

  • tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, ulgurji realizatsiya qilish;
  • dori vositalari va tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha
    ilmiy-tadqiqot ishlari;
  • dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish;
  • dorivor oʻsimlik xomashyosini qadoqlash va ulgurji sotish.