Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabarida aytilishicha, Oʻzbekistonda 2021-yilning yanvar-sentabr oylarida ishsizlik darajasi 9,4% ni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,7% ga, yanvar-iyun oylariga nisbatan 0,4% ga kamaygan.

2021-yilning yanvar-sentyabr oylarida mehnat resurslari soni 19,3 mln kishini tashkil etib, 2020-yilning shu davriga nisbatan 1,1% ga yoki 201,4 ming kishiga oshgan.

Iqtisodiyot tarmoqlarida band boʻlganlar soni 13,6 mln kishini tashkil etib, mos davriga nisbatan 3,1% ga (403,9 ming kishiga) oshgan.

9 oyda rasmiy sektorda band aholi soni 6,1 mln kishini tashkil qilib, 2020-yilning shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band boʻlganlar soni 7,9% ga yoki 450,5 ming kishiga oshgani kuzatilgani aytiladi.

Norasmiy sektorda band boʻlganlar soni 5,9 mln kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 4,1% yoki 254,0 ming kishiga kamaygan.

Ishga muhtoj boʻlganlarning umumiy soni 1,4 mln kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,4% ni tashkil etdi. 16−30 yoshgacha boʻlganlar orasida ishsizlik darajasi — 14,9%, ayollar orasida ishsizlik darajasi 12,8% boʻldi.

Joriy yil yanvar-sentabr oylarida respublikada iqtisodiy nofaol aholi 4,3 mln kishini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,6% ga yoki 26,3 ming kishiga ortishi kuzatildi.