Davlat geologiya qoʻmitasi oltin konlari boʻlgan ikkita yangi maydonni onlayn-auksionga qoʻydi.

Ulardan biri — Bulutkan boʻlib, Navoiy viloyati Uchquduq tumanida joylashgan. Oltin qazib olish litsenziyasining boshlangʻich narxi 189,3 million soʻmni tashkil etadi.

Auksion 28-dekabr kuni boʻlib oʻtadi, arizalar 26-dekabrga qadar qabul qilinadi. Auksion gʻoliblari 3 yil muddatga omonatdan foydalanish huquqi va tegishli litsenziyaga ega boʻladi.

Ikkinchi hudud Navoiy viloyatining Tomdi tumanidagi 1451 gektar maydonda joylashgan Kinir boʻlib, geologik ruxsatnomaning boshlangʻich narxi — 223 million soʻm. Tender savdolari 23 dekabrga belgilangan, arizalar 21 dekabrga qadar qabul qilinadi.

Auksionda ishtirok etish uchun elektron auksionga ariza topshirish va uchastkaning baholangan qiymatining 5 foizi miqdorida garov toʻlash talab etiladi.

Avvalroq Spot MIB Shayxontohur tumanidagi qurilishi tugallanmagan binoni auksionga qo‘yganligi haqida yozgan edi.