Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Yigʻilishda sohadagi ishlar ahvoli va kelgusi rejalar tanqidiy muhokama qilindi.

Davlat rahbarining topshirigʻi bilan oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra, tarmoq va hududlarda samarasiz ishlatilayotgan 2 mingta obyekt borligi aniqlandi, jumladan:

  • neft-gaz tarmogʻida 210 ta
  • aloqa sohasi korxonalarida 152 ta
  • davlat tijorat banklarida 114 ta
  • kimyo tarmogʻida 44 ta
  • energetikada 28 ta sotiladigan bino bor.

Viloyat hokimliklari balansida ham 170 ga yaqin boʻsh obyekt yillar davomida sotilmay turibdi.

Bugungacha savdoga qoʻyilgan 33 mingta yer uchastkasini mulk huquqi asosida sotish, shuningdek, 1-iyulga qadar yana 25 mingta maydonni auksionga chiqarish vazifasi qoʻyildi.

Yoʻl, transport, neft-gaz, energetika, avtomobilsozlik tarmoqlariga qarashli 266 ta korxonani alohida yondashuv asosida savdoga chiqarish kerakligi aytildi.

Hali koʻplab tarmoq rahbarlari tizimidagi nosohaviy korxonalarni samarasiz ishlatmoqda. Yirik tarmoqlarda 480 ta korxonadagi davlat ulushini toʻliq xususiy sektorga berish mumkin, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, Bosh vazirga “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, “Oʻzbekneftegaz”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi tarmoqlardagi tegishli obʼektlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni xususiylashtirish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.

“Fargʻonaazot”, “Bektemir spirt zavodi”, “Qoʻqon biokimyo”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Kvars”, “Xayyat” kabi yirik majmualarga salohiyatli investorlarni jalb qilish muhimligi qayd etildi. 23 ta aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi sotish orqali fond bozoriga chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Boʻsh turgan binolardan foydalanishning yana bir usuli — ijara. Yigʻilishda bu boradagi imkoniyatlar ham koʻrsatib oʻtildi. Hududlar va tarmoqlar tasarrufidagi davlat mulklari ijarasi hisobiga joriy yilda 500 mlrd soʻm tushumni taʼminlash mumkinligi aytildi.

Bundan buyon, uch oydan ortiq boʻsh turgan obyekt ijaraga berilishi yoki sotuvga chiqarilishi shartligi belgilandi. Davlat aktivlari agentligiga davlat ulushi bor korxonalarning ijara shartnomalarini ochiq-oshkora roʻyxatga olish va onlayn nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.