Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilarining xarajatlari Trampning bojlari tufayli 8 mlrd yevrodan oshdi, deya xabar bermoqda Financial Times.
Bu 2025-yil va 2026-yilning dastlabki uch oyi uchun ko‘rsatkichdir, deb yozadi nashr Volkswagen, BMW, Mercedes-Benz, Stellantis va Volvo top-menejerlarining ommaviy bayonotlariga tayanib.
Faqatgina portfelida Audi va Porsche brendlari bo‘lgan Volkswagen Group 2025-yilda 4 mlrd yevro miqdorida xarajat qilishi haqida xabar bergan edi, deb yozgandi Reuters.
2025-yil aprel oyida AQSH prezident Donald Trampning tariflarni oshirish kampaniyasi doirasida Yevropa avtomobillariga bojlarni 2,5% dan 27,5% ga ko‘targan edi.
Keyinchalik, AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida savdo bitimi tuzilgach, stavka 15% gacha pasaytirilgan.
2026-yil may oyi boshida Tramp Ittifoq “savdo kelishuvi shartlarini bajarmayotgani” sababli Yevropa Ittifoqidan keltiriladigan yengil avtomobillar va yuk mashinalariga bojlarni 25% gacha oshirishini e’lon qildi.
Dastlab u 2026-yil 4-maydan boshlanadigan haftani sana sifatida ko‘rsatdi, keyinroq esa Yevropa Ittifoqiga savdo shartnomasini bajarish uchun 4-iyulgacha muhlat berishini ma’lum qildi.
FT tomonidan keltirilgan Bernstein tahlilchilarining prognoziga ko‘ra, 25% lik bojlar 2026-yilda uchta guruhga — Volkswagen, BMW va Mercedes’ga — qo‘shimcha 2,6 mlrd yevroga tushishi mumkin.
Shu bilan birga, yevropalik avtomobil ishlab chiqaruvchilar shundoq ham Xitoy brendlari bilan kuchayib borayotgan raqobatga munosabat bildirishga va elektromobillarga o‘tish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga majbur bo‘lmoqda, deb ta’kidlaydi gazeta.
2026-yil fevral oyida AQSH Oliy sudi Trampning mamlakatning deyarli barcha savdo hamkorlariga nisbatan joriy etgan “favqulodda” import bojlarini noqonuniy deb topdi.
Shunongdek, aprel oyida esa AQSH importchilar uchun mablag‘larni qaytarish tizimini ishga tushirdi.
Avvalroq Spor 12 ta yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi elektromobillarga o‘tish rejasini qisqartirgani haqida yozgandi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, strategiyalardagi o‘zgarishlar so‘nggi bir yilda avtomobil sanoatiga taxminan $75 mlrdga tushdi.