2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va chiqqaniga 10 yildan oshmagan avtomobillar oldi-sotdi jarayonida hisob-kitoblarning yangi tartibi joriy etildi.

Endilikda bunday bitimlar bank orqali eskrou hisobvaraqdan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu shuni anglatadiki, endi pul xaridordan sotuvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazilmaydi. Bitimga qo‘shimcha ishtirokchi — bank jalb qilinadi. Bunda bank mablag‘larni saqlab turadi va bitim yakunlanmaguncha ularni tomonlarning birortasiga ham o‘tkazmaydi.

Markaziy bank xabariga ko‘ra, 1-apreldan 7-maygacha bo‘lgan davrda eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha bitimlar sezilarli darajada faollashdi.

Hisobot davrida jami 40 767 ta bitim rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 23 804 tasi transport vositalari, 16 963 tasi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri keldi.

Hududlar kesimida eng yuqori faollik Toshkent shahrida — 11 679 ta, Farg‘ona viloyatida — 3940 ta hamda Samarqand viloyatida — 3614 ta bitim bilan qayd etildi.

Kuchli beshlikni 3128 ta bitim bilan Andijon hamda 2856 ta bitim bilan Namangan viloyatlari yakunladi.

Regulyator tomonidan qayd etilishicha, eskrou mexanizmi oldi-sotdi jarayonlarida hisob-kitoblarning xavfsizligi, shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

eskrou

Avvalroq O‘zbekistondagi marketpleyslarda eskrou to‘lov tizimi joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Xaridor tovarni olib, uni tasdiqlamaguncha pul sotuvchining hisobiga o‘tmaydi. Bu Instagram va Telegram’dagi firibgarlikka chek qo‘yadi.