O‘zbekistondagi marketpleyslarda eskrou to‘lov tizimi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi tomonidan elektron tijorat bozorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan berilgan takliflarda aytildi.
2026-yilning birinchi choragida elektron tijorat platformalari faoliyati bo‘yicha 111 ta subyektga nisbatan jami 1 657 ta murojaat kelib tushgan.
Qayd etilishicha, ularning 36,3%i tovar sifati, 16,8%i to‘lov masalalari va 11,3%i yetkazib berish bilan bog‘liq.
Eng ko‘p shikoyatlar yirik platformalarga to‘g‘ri keladi va bunda Uzum Market bo‘yicha murojaatlar asosan tovar sifati va yetkazib berish bilan bog‘liq hisoblanadi
Shuningdek, Uzum Nasiya va Alif xizmatlarida muammolar ko‘proq to‘lov va qarzdorlik masalalarida kuzatilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda esa firibgarlik xavfi yuqoriligicha qolmoqda.
Asosiy muammolar sifatida mahsulotning tavsifga mos kelmasligi, to‘lov va qayta hisob-kitobdagi noaniqliklar hamda yetkazib berish muddatlarining buzilishi qayd etilmoqda.
Muammolarni hal etish uchun eskrou to‘lov tizimini joriy etish taklif etilmoqda. Xaridor tovarni olib, uni tasdiqlamaguncha pul sotuvchining hisobiga o‘tmaydi. Bu Instagram va Telegram’dagi firibgarlikka chek qo‘yadi.
Avtomatlashtirilgan nizolarni hal qilish, har bir murojaatni qo‘lda ko‘rib chiqish emas, balki platformaning o‘zida tezkor “arbitraj” tizimini yaratish ilgari surilgan.
Shu bilan birga, sotuvchilar reytingi va javobgarligini oshirish uchun sifatsiz tovar sotgan tadbirkorlarni platformadan chetlatishning qat’iy tizimi taklif etilmoqda.
Avvalroq Spot marketpleys eksportchilari uchun soliq imtiyozlari olishda bojxona deklaratsiyasi talab qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.