Apple kelajakdagi iPhone modellarini USB-C ulagichi bilan jihozlashni sinovdan oʻtkazmoqda, deya yozmoqda Bloomberg.

Kompaniya, shuningdek, Lightning ulagichi uchun moʻljallangan aksessuarlarning kelajakdagi smartfonlar bilan ishlashiga imkon beruvchi USB-C adapterini ham ishlab chiqmoqda.

Oʻzgarishlar 2023-yildan oldin kiritilmasligi aniq. Kompaniyaning joriy yilda chiqaradigan modellari Lightning ulagichida ishlaydi.

2021-yil sentyabr oyida Yevropa Komissiyasi USB-C-ni smartfonlar va boshqa qurilmalar uchun yagona zaryadlash portiga aylantirishni taklif qildi. Ushbu ulagichga ega qurilmalarni ishlab chiqish Appleʼga qoidalarga rioya qilishga yordam beradi.

Shu bilan birga, Bloomberg taʼkidlaganidek, Lightning boshqa Apple qurilmalarida, masalan, AirPods-da ham qoʻllaniladi. Kompaniya ushbu ulagichdan butunlay voz kechishi nomaʼlum.

Bundan avval, tahlilchi Ming-Chi Kuo ham Apple 2023-yilda USB-C foydasiga iPhoneʼdagi Lightningʼdan voz kechishi haqida taxmin qilgan edi.