DAVLAT TIBBIYOT MUASSASALARI XODIMLARI OYLIKLARI OSHADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-136-son Farmoniga asosan 2022 yil 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:

  • oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 15 foizga;
  • ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 10 foizga;
  • tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun — 15 foizga oshiriladi.

Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.


SHIFOKORLAR GEPATIT “V” KASALLIGIGA QARSHI BEPUL EMLANADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-215-son qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan boshlab qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etiladi.


OILAVIY POLIKLINIKALARNING STASIONAR ISH VAQTI SOAT 20:00 GA QADAR UZAYTIRILADI

Prezidentning “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2022-yil 1-iyundan boshlab oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi.


ISH BERUVCHILAR TOMONIDAN XODIMLAR UCHUN YILIGA BIR MAROTABA MAHALLIY SAYOHATGA CHIQISH IMKONI YARATILADI

Prezidentning “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan boshlab “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida:

  • jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;
  • sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.

ROSSIYA, TURKIYA VA QOZOG‘ISTONDA MIGRASIYAGA OID VAKILLIK INSTITUTI JORIY QILINADI

Prezidentning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekiston respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2022-yil 1-iyundan boshlab Rossiya Federatsiyasining bir qator tumanlari, Qozog‘iston Respublikasining Turkiston oblasti (Chimkent shahri) (Jambul va Qizil-O‘rda oblastlari bilan birga) va Turkiya Respublikasining Istanbul shahri (Bursa, Izmir va Antalya shaharlari bilan birga) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.


TAMAKI VA ALKOGOL MAHSULOTLARIGA SOLIQ STAVKALARI O‘ZGARADI

Soliq kodeksiga ko‘ra, 2022-yil 1-iyundan ishlab chiqariladigan filtrli, filtrsiz sigaretalar, papiroslar, sigarillalar (sigaritlar), bidi, kreteklar uchun 203 500 so‘m/1000 dona + 10 foiz miqdorda soliq stavkalari belgilandi.


Oʻzbekistonda 1-yanvardan, 1-fevraldan, 1-martdan, 1-apreldan va 1-maydan kuchga kirgan oʻzgarishlar haqida ham oʻqishni unutmang.