Joriy yilning 30−31 may kunlari Lyuksemburg va Bryussel shaharlarida “Euroclear” va “Clearstream” xalqaro depozitariylarini O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozoriga jalb qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.

Muzokaralar davomida “Clearstream” tashkiloti tomonidan O‘zbekiston davlat qimmatli qog‘ozlar bozori bilan integratsiya uchun qiziqish bildirdi.

“Clearstream” tashkiloti 2016−2021 yillarda Gruziya, Armaniston, Qozog‘iston, Ukraina, Saudiya Arabistoni va Serbiya mamlakatlarining moliya bozorlari bilan tegishli integratsiyani amalga oshirgan. Mazkur jarayon ushbu mamlakatlarda 1−5 yil muddat talab qilgan.

Integratsiya natijasida ushbu mamlakatlar davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga xorijiy investorlar jalb qilingan va ular yordamida qimmatli qog‘ozlar chiqarish hajmi va muddatlarini oshirishga muvaffaq bo‘lingan.

Shu bilan birga, “Clearstream” tomonidan O‘zbekistonda obligatsiyalardan tushgan foiz daromadlari hamda qimmatli qog‘ozlar savdolaridan olingan daromadlarning soliqqa tortilmasligi integratsiya jarayonidagi hamda xorijiy investorlarni jalb qilishdagi ahamiyati yuqori baholandi.

“Roudshou” uchrashuvlari doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Lyuksemburg fond birjasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.