Abu-Dabining “AD Ports Group” kompaniyasi (xalqaro savdo, logistika va sanoat sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi) va Sanoat Energetika Guruhi logistika va yuk tashish sohasida yangi biznes ochish uchun qo‘shma korxona tashkil etadi. Bu haqda SEG matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shma korxona ikki kompaniya logistika va ekspeditorlik xizmatlari, yuk tashish, omborxonalar va boshqa logistika infratuzilmalarini rivojlantirish, shartnomaviy logistika va bojxona rasmiylashtiruvi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Shuningdek, logistika markazi negizida oziq-ovqat va xalq iste’mol tovarlarining transport oqimini tashkil etish orqali uning faoliyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Loyihani qoʻllab-quvvatlash maqsadida “AD Ports Group” Oʻzbekistonda oʻzining birinchi xorijiy vakolatxonasini ochadi.

“Ushbu kelishuv O‘zbekiston bilan strategik sherikligimizni mustahkamlaydi. Biz asosiy logistika muammolarini hal qilish va mamlakatda mavjud imkoniyatlardan foydalanish uchun AD Ports Group tajribasi va resurslaridan foydalanishdan mamnunmiz”, — dedi “AD Ports Group” raisi Falah Muhammad Al Ahbobiy.

Falah Muhammad Al Ahbobiy yangi ishlab chiqarish-sotish zanjirlarini yaratish va yangi savdo yo‘llarini ochish orqali mamlakatning [Oʻzbekistonning] iqtisodiy salohiyatini kengroq ochishga hissa qo‘shish mumkinligini qayd etdi.

Uning soʻzlariga koʻra, Iqtisodiy markazlar va logistika markazlarini yaratish boʻyicha “AD Ports Group” tajribasi ixtisoslashtirilgan oziq-ovqat markazi, ichki portlar va omborlarni yaratishda samarali ish beradi.

SEG direktorlar kengashi raisi Baxtiyor Fazilov kelishuv mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratib, savdo qilish va rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochishini ta’kidladi.

“„AD Ports Group“ bilan hamkorlikda biz ilgʻor raqamli xizmatlar bilan jihozlangan va jahon miqyosidagi logistika obyektlari, jumladan, transportlararo yuk jo‘natmalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yangi savdo koridorlarini yaratamiz”, — dedi Baxtiyor Fazilov.

Oʻzbekiston soʻnggi yillarda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Spot yaqinda Fransiya kompaniyasi Total Eren O‘zbekistonda 131 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini ishga tushirgani haqida xabar bergandi.

Fotoelektr stansiya 140 mingga yaqin mahalliy aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashi kutilmoqda.