Hukumat qarori bilan nodavlat sektorda professional ta’limni rivojlantirishga shart-sharoitlar yaratilishi hamda pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra:

  • nodavlat professional ta’lim tashkilotlari uchun davlat mulki obyektlarini ijaraga olishning eng ko‘p muddati 5 yildan 10 yilgacha uzaytirildi;
  • nodavlat ta’lim tashkilotlarining professional ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun bankdagi hisobvarag‘iga qo‘yiladigan mablag‘ miqdori 2 baravarga ($50 mingdan $25 mingga) qisqartirish orqali litsenziya talablari va shartlari soddalashtirildi.

“Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi Bektosh Hatamovga ko‘ra, O‘zbekiston xususiy ta’lim bozori hali to‘yinmagan.

“Mana, o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, bu yil taxminan 1,2 mln.dan ortiq abituriyent davlat universitetlariga xujjat topshirdi. Oliygohlar esa 400 ming abituriyentni qabul qila oladi”, — deydi tadbirkor.

Bektoshning qayd etishicha, xususiy ta’limga bo‘lgan munosabat o‘zgaryapti va kelajakda bundan ham yaxshilanishi kerak. Negaki, bunday ta’lim davlatdan yuklamaning bir qismini o‘ziga oladi.

“90-yillar boshida O‘zbekiston aholisi 20 mln, maktablar soni esa 9600 atrofida edi. Hozir esa, aholi 35 mln.dan oshdi, maktablar soni esa taxminan 10 000 ta. Aholi deyarli ikki baravar, maktablar esa bir-necha foizga oshgan. Shu sababdan, ba’zi maktablar boshlang‘ich sinflarda 40 tadan bola o‘qitishga majbur bo‘lyapti”, — deydi Bektosh.

Xususiy ta’lim rivojlanaversa, imkoniyati borlar xususiy maktablarga o‘tishni boshlaydi va davlat maktablarida ham o‘quvchilar soni kamayadi. Natijada, ikkala turdagi maktablarda ham samaradorlik oshadi, deya qo‘shimcha qildi u.

Bektosh Hatamov bilan maqolani batafsil bu yerda o‘qishingiz mumkin.