Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti oʻzbek ayollarining martabaga erishish imkoniyatlarini tahlil qildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2019−2020-yillarda ayollar bandligi 4,2%ga kamaygan va jami 54 mlnta ish oʻrni boy berilgan.

Bu 2020-yilda ishlaydigan ayollar soni 2019-yildagiga nisbatan 13 mln nafarga kamayganligini anglatadi.

XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda mehnatga layoqatli aholining mehnat bozorida ishtirok etish darajasi 60% ni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich erkaklar o‘rtasida 71,9% ni, ayollar orasida esa 46,6% ni tashkil qilgan.

Umuman olganda, ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarning iqtisodiy faolligidan 1,5% kam.

O‘zbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past. 2021-yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich ayollar orasida 41,3% ni, erkaklar orasida esa 56,9% ni tashkil etgan.

Mamlakatda ayollarning mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligi 30 yoshdan boshlanadi. Sababi, o‘rtacha 22,3 yoshida turmush quradi va undan keyin kamida 2 yilni tug‘ruq ta’tilida o‘rkazadi

Undan so‘ng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tug‘ruq ta’tiliga chiqish ehtimoli yuqori. Shunday qilib, deyarli 30 yoshida ayollar martabaga erishish bilan shug‘ullana boshlaydi.

O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashdagi jiddiy tafovutning asosiy sabablaridan biri — bu kasb segregatsiyasidir.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan oʻrtacha 39% kam maosh oladi.

Jahon banki ekspertlarining fikricha, bu, jamiyatda hukm surayotgan qarashlar va O‘zbekistonda kasblarning erkaklar va ayollar uchun mo‘ljallangan kasblarga ajratilishi bilan bog‘liq.

O‘zbekiston xotin-qizlarining iqtisodiy faolligi pastligi, avvalo ularning uy-ro‘zg‘or ishlari va bola parvarishi bilan to‘liq band ekanligi bilan bog‘liq, deyiladi PMTI xabarida.

Ayollar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari

O‘zbekistonda ayollar ko‘proq barqaror ish o‘rinlari va qulay sharoitlarni taklif qiladigan davlat sektorida ishlaydi.

Ayollar bandligining tarmoq tuzilmasi shu bilan xarakterlanadiki, ular asosan ish haqi past va ish vaqti qisqaroq sohalarda ishlaydi.

Bular ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlar va umuman, ijtimoiy soha. Erkaklar va ayollarning ish haqi o‘rtasidagi tafovut sababi ham aynan mana shu bilan bog‘liq.

Oʻzbekistonda so‘nggi 5 yil davomida ayollar bandlik borasidagi rejalarini oʻzgartirmagan. Aytib o‘tilganidek, o‘zbek ayollari asosan ijtimoiy soha tarmoqlarida faoliyat yuritadi va aynan mana shu sohalarda eng past ish haqi kuzatiladi.

Yuqori maosh to‘lanadigan sohalarda asosan erkaklar (IT-sohasi va moliya sektori) ishlaydi. E’tiborlisi, tahlil etilayotgan davrda IT-sohasida band bo‘lgan ayollar ulushi 3%ga oshgan.

Avvalroq, IT-ekspert Yuliya Poslavskaya “Spot” bilan suhbatda IT-sohasida xotin-qizlar ko‘proq muvaffaqiyatga erishishi mumkinligi haqida ta’kidlagandi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va ishlab chiqarish kabi og‘ir jismoniy mehnat talab etuvchi sohalarda xotin-qizlar salmog‘ining kamayishi kuzatilmoqda.

2020-yilda respublikaning 25 va undan katta yoshdagi aholisi orasida oliy ma’lumotli ayollar ulushi 13,2% ni, erkaklar ulushi esa 20%ni tashkil etdi.

Erkak va ayol tadbirkorlarning 2021-yildagi moliyaviy natijalariga ko‘ra, bugungi kunda ayollar 16 mingdan ziyod mikrofirmalarga rahbarlik qilmoqda.