O‘zbekiston diplomatlari Bruneyning “Royal Brunei Airlines” aviakompaniyasi vitse-prezidenti Ilyos Rori Teo bilan videokonferensiya vositasida uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bemroqda “Dunyo” nashri.

Unda aviakompaniyaning O‘zbekistonga charter va muntazam havo qatnovlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, “Ziyorat turizmi” dasturi doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda respublika aeroportlaridan tranzit xizmati maqsadlarida foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, kompaniya tomonidan muntazam va charter havo qatnovlarining iqtisodiy samaradorligini o‘rganish zarurligi qayd etildi.

Yakunda 2023-yilning yanvar oyi boshida Transport vazirligi, “Uzbekistan Airways” rahbariyati va “Royal Brunei Airlines” aviakompaniyasi o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qilish uchun onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishildi.

Royal Brunei Airlines” kompaniyasi 1974-yilda tashkil etilgan. Aviakompaniya Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa, Avstraliya va Okeaniyaning 20 yo‘nalishi bo‘ylab muntazam parvozlarni amalga oshiradi.

Avvalroq, Germaniyadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.