Kuzatilayotgan anomal sovuq tufayli mamlakat aeroportlari binosiga kutib oluvchilarning kiritilishiga ruxsat berildi. Bu haqda 'Uzbekistan Airports" matbuot xizmati xabar berdi.

Ilgari kutib oluvchilarni binoga kiritish aeroportlarda faoliyat yurituvchi tuzilmalar hujjatlari bilan cheklangandi. 14-yanvardan barcha kutib oluvchilar uchib kelish zallariga kirib, terminal ichida bojxona hududigacha bo‘lgan joyda uchib kelayotgan yo‘lovchilarni kutishlari mumkin.

“Nihoyat, bizning takliflar eshitilgani va davlat rahbariyati tomonidan irodali qaror qabul qilinganidan juda xursandmiz. Bilaman, muammo ko‘p yillar davomida mavjud edi. Odamlar issiqda va sovuqda tashqarida turishgan va xavfsizlik nuqtai nazaridan va boshqa bir qator sabablarga ko‘ra ularni ichkariga kiritish taqiqlangan”, — deydi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Ta’kidlashicha, 2018-yilda qurilgan uchib kelish zali xalqaro standartlarga javob bermaydi, unda kutib oluvchilar uchun joy ajratilmagan va zal kichkina. Binoning old qismini surish orqali zal maydonini ko‘paytirish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu yerda kutib oluvchilar uchun sharoit yaratish mumkin bo‘ladi.

Sovuq havo harorati, qor yog‘ishi kabi holatlar parvozlar xavfsizligini ta’minlash uchun samolyotlarni muzga qarshi suyuqlik bilan ishlov berish jarayonini nazarda tutadi.

Bu jarayon odatda har bir samolyot uchun taxminan 30 daqiqa davom etib, hozirgi sharoitda har bir samolyotga ishlov berish 1 soatdan 1,5 soatgacha vaqt olmoqda. Bu esa reyslarning kechikishiga olib keldi.

O‘zbekiston aeroportlari bunday ob-havo sharoitida yo‘lovchilarni jadvaldagi o‘zgarishlar haqida xabardor qilgan holda ishlamoqda.

“Yo‘lovchi oqimi bo‘yicha eng gavjum aeroport bu Toshkent aeroportidir. U yerda kuniga yuzdan ortiq reyslar amalga oshiriladi. „Handling“ kompaniyasi va aerodrom xizmati ob-havo sharoitining yomonlashishi arafasida barcha zaxira kuchlarini jamladi”, — qo‘shimcha qildi Ra’no Jo‘rayeva.

Xususan, 10-yanvar kuni soat 00:00 dan 23:59 gacha O‘zbekiston xalqaro aeroportlari tomonidan 152 ta reysga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan 93 tasi “Toshkent” aeroportida amalga oshirilgan.