Hukumat qarori bilan Prezident sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, tanlov joriy yil maydan boshlab, har yili quyidagi 5 ta asosiy hamda 1 ta maxsus yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi:

  • sun’iy intellekt texnologiyalari;
  • ijtimoiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalar;
  • axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari;
  • tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
  • kompyuter va mobil o‘yin dasturlari.

Tanlovning asosiy yo‘nalishlarida 30 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari bir jamoa tarkibida (3−8 kishi) qatnashadi.

Yuqorida qayd etilgan maxsus yo‘nalishda “IT Park” rezidenti bo‘lgan tashkilotlarda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham jamoaviy (3−5 kishi) ishtirok etishi mumkin.

Asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha tanlov g‘oliblari jamoatchilik tomonidan maxsus portalda ovoz berish orqali aniqlanadi.

Maxsus yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar esa IT-sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan aniqlanishi belgilangan.

5 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar quyidagicha taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin uchun — $100 ming;
  • 2-o‘rin uchun — $50 ming;
  • 3-o‘rin uchun — $30 ming.

Shuningdek, maxsus yo‘nalish bo‘yicha bitta g‘olib jamoa $100 ming bilan mukofotlanadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun pul undirilmasligi qayd etilgan.

O‘tgan yilii prezident ishtirokidagi muloqotda IT-tanlovlarni o‘tkazish g‘oyasi ma’lum qilingandi. Davlat rahbari tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, sovrin fondiga $1 mln ajratishni taklif qildi.


Avvalroq, “Spot” BAAda o‘tkazilgan “Best Global M-Gov Award” tanlovida O‘zbekistonning “Don't Waste” startapi 2-o‘rinni egallab, $136 ming miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlangani haqida xabar bergandi.