“Uzbekistan Airways Technics” kompaniyasi o‘z hududida erkin bojxona zonasini tashkil etdi. Bu haqda “Spot"ga aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur zona tarkibiga samolyot qismlari uchun ikkita omborxona, shuningdek, bojxona xodimlari uchun maxsus jihozlangan xona kiradi.

Bu xorijiy aviakompaniyalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashga kelgan havo kemalarini bojxona rasmiylashtiruvi xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.

Shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatishni boshlash (aviatsiya qismlaridan foydalanish) va uning jarayonini qisqartirish imkoniyatini taqdim etadi, bu esa ta’mirlash ishlarini vaqtidan oldin tugatish imkonini yaratadi.

Erkin bojxona zonasiga kelayotgan havo kemalari va vertolyotlar, ularning qismlari va agregatlari bojxona nazorati tegishli rejimlarda roʻyxatdan oʻtkazilmasdan amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, bu xorijiy aviakompaniyalarga uskunalarni bojxona rasmiylashtiruvi narxini pasaytirish imkonini beradi.

Ushbu bojxona zonasiga chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda istisno tariqasida, sertifikatlar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab etilmaydi.

Mahalliy aviatashuvchilarning samolyotlarini ta’mirlash uchun zarur boʻlgan qismlar, ularning qismlari va agregatlari zona doirasida sotib olinadi hamda erkin muomalaga chiqarish rejimida qoʻllaniladi.

Ta’kidlanishicha, erkin bojxona zonasi prezidentning 2021-yil 30-apreldagi qabul qilingan fuqaro aviatsiyasi sohasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.


Avvalroq “Spot” Toshkent xalqaro aeroportida aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasi ochilgani haqida yozgandi.

Mazkur hududda yonuvchan va portlovchi moddalarni, metall buyumlarni aniqlash imkonini beruvchi “CEIA” skanerlari hamda tana skanerlari va rentgen jihozlari, shuningdek, steril zonasi o‘rnatilgan.