Joriy yilning fevral oyida “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, Toshkent va Nukus shahri hamda viloyat markazlari jamoat transporti uchun avtobuslar xarid qilish belgilangandi.

Xususan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 ta 12 metrli elektrobuslar hamda Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun jami 1000 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Transport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Xitoyning “Xiamen King Long United Automotive Industry” kompaniyasi va “Toshshahartransxizmat” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan 200 dona “King Long” rusumli katta sig‘imli avtobuslarni ishlab chiqarish davom etmoqda.

Qayd etilishicha, kompaniya tomonidan 18 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslarning daslabki partiyasini ishlab chiqarish jarayonlari yakunlangan.

Mazkur avtobuslar mart-may oylari davomida O‘zbekistonga yetkazib berilishi kutilmoqda.


Mazkur hujjat bilan, shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Xususan, tashuvchilar bilan hisob-kitoblar “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlari asosida amalga oshiriladi hamda yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinadi.

Tashuvchilar tomonidan yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniqlash hamda baholash, yo‘lkira haqi to‘lanishini va ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimi tashkil etiladi.

Shaharlarda avtobus yo‘nalishlarining yangi tarmog‘i joriy etilishi, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmati bosqichma-bosqich quyidagicha yo‘lga qo‘yiladi:

  • 2023-yil 1-martgacha — Toshkent shahrida;
  • 2023-yil 1-avgustgacha — Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
  • 2024-yil 1-iyungacha — Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida.

Yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich:

  • 2023-yil 15-apreldan — Toshkent shahrida;
  • 2024-yil 1-yanvardan — Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
  • 2024-yil 1-iyundan — Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida ishga tushiriladi.

Avvalroq, davlat rahbari jamoat transporti sohasini takomillashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, topshiriqlar bergandi. Xususan, 1-iyulga qadar barcha viloyat markazlarining Transport bosh rejasi ishlab chiqiladi.