Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilib, markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.

Mazkur markaz ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Shuningdek, maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtiradi.

Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik Prezidentning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi hamda prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Respublika markazi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablar maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun majburiy hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, vakolatli davlat organlari maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslarini litsenziyalash, attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishni mazkur markaz bilan kelishgan holda amalga oshiradi.