Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va qo‘shma baholash ishlari amalga oshirilib, ekspertiza o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Xitoy taraqqiyot va islohotlar Davlat qo‘mitasi, Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston transport vazirligi o‘rtasida mazkur temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha uch tomonlama hujjat imzolandi.

Mazkur hujjat loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini belgilab, qurilish loyihasini ishlab chiqish, investitsiyalar va moliyalashtirish modelini o‘rganish va aniqlashni o‘z ichiga oladi.

Loyiha Markaziy Osiyo davlatlarining transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning xalqaro transport-tranzit markazi sifatida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining umumiy uzunligi taxminan 454 km.ni tashkil etadi. Shundan 280 km Qirg‘iziston hududidan o‘tishi rejalashtirilgan.

Liniyada umumiy 18 ta stansiya, uzunligi 26,1 km 81 ta katta va o‘rta ko‘priklar, uzunligi 120,3 km 41 ta tunnel quriladi.

Ko‘priklar va tunnellarning jami uzunligi 146,4 km bo‘lib, bu liniya umumiy uzunligining 47%ini tashkil etadi.

Loyiha natijasida Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga bo‘lgan yo‘l taxminan 900 kmga, yuk yetkazib berish muddati esa 7−8 sutkaga kamaytiriladi.

Dastlabki prognozlar yuk tashish hajmi yiliga 12−15 mln tonnani tashkil etishini ko‘rsatmoqda.

Mazkur temir yoʻl loyihalasini jadallashtirish Taraqqiyot strategiyasida ham belgilangan bo‘lib, 2022-yilning avgustida temir yoʻl liniyasini qurish boʻyicha loyiha sentabr oyida tasdiqlanishi ma’lum qilingandi.

Sentabr oyida esa 2023-yilning birinchi yarmida Qirg‘iziston hududidagi temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Aqilbek Japarov loyiha qiymatini $5 mlrdgacha baholadi.