Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Buyuk Britaniyaning ekspluatatsiya va mehnat huquqlari buzilishiga qarshi kurashish xizmati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.

Uchrashuvda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari ham ishtirok etdi.

Buyuk Britaniyaning ekspluatatsiya va mehnat huquqlari buzilishiga qarshi kurashish xizmati rahbari Daril Diksonning qayd etishicha, Buyuk Britaniyada O‘zbekiston fuqarolari qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritmoqdalar.

“Biz migratsiyasi sohasidagi hamkorligimizni kengaytirish niyatidamiz. Tashkilotimiz rekruting agentliklariga litsenziya berish bilan shug‘ullanadi. Shu bois, bizning takliflarimiz geografiyasi juda keng. O‘ylaymanki, ushbu uchrashuvda hamkorligimizni yanada rivojlantirish borasida muhim kelishuvga erishamiz”, — dedi Daril Dikson.

Uchrashuvda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, xususan, O‘zbekiston fuqarolarini Buyuk Britaniyada nafaqat, qishloq xo‘jaligi, balki, qurilish va tibbiyot sohalarida ham ish bilan ta’minlashning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Yakunda agentlik va Britaniya xizmati o‘rtasida mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum izmolandi.


Avvalroq “Spot” Germaniya va O‘zbekiston migratsiya kelishuvi ustida ishlayotgani haqida yozgandi.

Hujjat ta’lim va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hamda o‘zbekistonliklarga Germaniyada o‘qish va ishlash imkonini beradi.