Maktab bitiruvchilari e-shahodatnoma.uz axborot tizimi orqali o‘z shahodatnomasini joriy yilning 20-iyun kunidan boshlab onlayn tarzda yuklab olishi mumkin. Bu haqda Talim na’zorati kanali xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 11-sinf maktab bitiruvchilarning shahodatnoma maʼlumotlari Bilim va malakalarni baholash agentligining OTM qabul bo‘yicha elektron platformasiga integratsiya qilingan.

Shu bois, oliy taʼlim muassasalariga elektron hujjat topshirish jarayonida bitiruvchining shahodatnoma maʼlumotlari avtomatik tarzda taqdim etiladi. Bitiruvchilar shahodatnomalarini shaxsan taqdim etishlariga ehtiyoj yo‘q.

Ma’lumot o‘rnida, joriy o‘quv yilida umumtaʼlim maktablarini 390 mingdan ortiq bitiruvchilar tamomlaydi.

e-shahodatnoma.uz elektron platformasiga quyidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari 11-sinf bitiruvchilarining shahodatnoma ma’lumotlari kiritilgan:

  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari;
  • Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar;
  • Yoshlar siyosati va sport vazirligi tasarrufidagi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari;
  • Nodavlat ta’lim tashkilotlarining 11-sinf bitiruvchilari.

Akademik litseylar va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining diplom ma’lumotlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining elektron tizimiga kiritiladi.