2023−2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari joriy yilning 1-avgustidan boshlanadi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar bermoqda

Unga ko‘ra, test sinovlari kuniga ikki smenada o‘tkazilib, birinchi smena 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smena esa 15:00 dan 18:00 gacha bo‘lib o‘tadi.

Imtihonlar hududlardagi abituriyentlar soni va test sinovlari o‘tkaziladigan binolar sig‘imidan kelib chiqqan holda 11 kundan 13 kungacha davom etadi.

Shundan kelib chiqib, 13-avgust kuni to‘liq yakunlanishi ta’kidlanmoqda.

Ruxsatnomani qanday olish mumkin?

OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi"ni berish boshlandi.

Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsatnomasini my.uzbmb.uz saytidan olishlari mumkin.

Buning uchun saytdagi shaxsiy sahifada shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport seriyasi va raqamini kiritish kerak.

otm, ruxsatnoma, ruxsatnoma olish, ta'lim

Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim.

Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan hamda kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.


Joriy yilning 20-iyunidan 2023−2024-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlangandi. OTMlarning bakalavriatiga qabul jarayoni shu yilning 20-iyuligacha davom etdi.

Onlayn ariza topshirgan abituriyentlar soni jami 1 mln 18 ming 7 nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 200 mingga kam.

Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan OTM birinchiligini O‘zbekiston milliy universiteti egallagan. Joriy yilgi qabul jarayonida mazkur universitetga 36 782 ta abituriyent ariza topshirgan.

Avvalroq Bilim va malakalarni baholash agentligi 14ta OTMda masofaviy ta’lim shakli joriy etilishi haqida ma’lum qilgandi.