Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda davlat rahbarlari O‘zbekiston-Turkmaniston chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qilishdi.

Oliy darajadagi kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hukumatlar, vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalar tizimli tus olgan.

O‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida manfaatli hamkorlik kengaymoqda. “Shovot-Toshovuz” qo‘shma savdo zonasini tez fursatda ishga tushirish zarurligi qayd etildi.

Birgalikdagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, hududlar o‘rtasidagi almashinuvlar va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Serdar Berdimuhamedov raisligida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida uch tomonlama sammitda ishtirok etdi.

Unda suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika sohasini rivojlantirish, transport-logistika salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatlarning sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va logistika sohalarida savdo amaliyotlari va kooperatsiya kelishuvlari karrasiga oshdi. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaydi.

O‘zbekiston prezidenti yangi xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, ularga munosib va chuqur o‘ylangan javoblarni birgalikda izlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Suv tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini to‘plash va saqlash uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish taklif qilindi.

“Bu masalalarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining butun salohiyatini hamda Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi sherik tashkilot va tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni ishga solish lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida energetika sohasida, shu jumladan energiya resurslarini yetkazib berish va ularning tranziti borasida yaqin, samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga intilishi mushtarak ekanini hisobga olib, gidro va issiqlik energetikasida loyihalarni birgalikda amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.

O‘zaro integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron yo‘lagining rivojlantirilishi, Transkaspiy yo‘nalishi salohiyatining ishga solinishi Markaziy Osiyoning Sharq-G‘arb va Shimol-Janub xalqaro yo‘laklaridagi tranzit markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishiga ishonch bildirdi.

Shu maqsadda xalqaro yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, raqamlashtirishni jadallashtirish va nazorat-o‘tkazish maskanlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yo‘lida birgalikda ishlash taklif qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va mintaqa mamlakatlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va ravnaqni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.

2022-yilning avgust oyida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron xalqaro transport va tranzit yo‘lagi tashkil etish orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarini yo‘lga qo‘yishga kelishilgandi. Joriy yilning mart oyida mazkur yo‘lakni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Iyul oyi oxirida esa O‘zbekiston, Turkmaniston va Eron xalqaro transport va tranzit yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.