Transport vazirligi hamda Eron yo‘l va shaharsozlik vazirligi vakillari o‘rtasida videokonferensiya shaklidagi muzokaralar o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuvda O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron hukumatlari o‘rtasida xalqaro transport yo‘lagini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolashni jadallashtirish ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Eron hududida xalqaro avtotransport qatnovlarida milliy tashuvlardan undiriladigan yig‘imlar miqdorini kamaytirish, eksport va import yuklari uchun “Bandar-Abbos” va “Chabahor” portlaridan foydalanish imkoniyatlari hamda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Eron xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Avvalroq O‘zbekiston va Eron qo‘shma logistika markazi qurish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, ikki davlat Eron hududida joylashgan Chobahor va Bandar-Abbos portlar hududida o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida terminallar va omborlarni qurishi ma’lum qilindi.

2022-yil boshida Oʻzbekiston va Eron hududi orqali tovarlar tranzitini oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgandi.

Avgust oyida esa “Chobahor” portidan O‘zbekistonga yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.


Avvalroq “Spot” Xitoyning Siyamen portidan O‘zbekistonga Eron orqali konteyner poyezdi harakati yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.