Joriy yilning 15−16 avgust kunlari “Ashxobod jarayoni: o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish uchun” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Transport vazirligi.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston Turkmaniston va Eron bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishdi.

Bunda “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron” xalqaro transport va tranzit yo‘lagi tashkil etish orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarini yo‘lga qo‘yishga kelishildi.

Bundan tashqari, avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘imlar qisqartirilib, mamlakat haydovchilariga Turkmaniston vizasini olish tartibi soddalashtiriladi.

Shuningdek, Eron bilan avtomobilda xalqaro yuk tashuvlari uchun o‘rnatilgan yig‘im va to‘lovlar miqdori qisqartiriladi hamda “Chobahor” portidan O‘zbekistonga pilot yuk avtomobil tashuvlarni tashkil etiladi.

O‘zbekiston orqali “Xitoy-Yevropa” transport yo‘nalishida tashuvlarni rivojlantirish maqsadida Eron tomoni bilan Turkiyaning Van ko‘li orqali tashuvlar sxemasi hamkorlikda ishlab chiqiladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida yuk tashish jarayonlari soddalashtirilishi haqida yozgandi.