Transport vazirligi Turkmaniston bilan transport masalasini muhokama qildi. Bu haqda vazirlikning matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, tomonlar ikki davlat o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlar jarayonini to‘liq qayta tiklash, shuningdek, yuk tashish talablarini soddalashtirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etishdi.

Xususan, O‘zbekiston tomon yuk tashuvlarini amalga oshirish maqsadida o‘zbek haydovchilariga Turkmanistonga kirish vizasini berish talablarini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish istagida.

Temir yo‘l va avtomobil transportida yuk tashish hajmini oshirish uchun transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tranzit yo‘nalishida yuk tashish hajmini oshirish uchun temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiyalash, transport xarajatlariga chegirmalar taqdim etish choralari ko‘rilishi mumkin.


Avvalroq “Spot” Transport vazirligiga tadbirkorlarning transport xarajatlarini qisqartirish vazifasi yuklatilgani haqida xabar bergandi.