AQShda joylashgan Simmons universiteti bakalavriatura bosqichi uchun stipendiya dasturiga arizalar qabul qilmoqda.

“Simmons Distinguished Scholar Award” (“ilgari Kotzen” nomi bilan tanilgan) — Simmons universitetida transformativ ta’limga qiziqqan eng yaxshi va eng yorqin talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dastur. Unda butun dunyodan nomzodlar ishtirok etishi mumkin.

Grant to‘rt yillik bakalavriat ta’lim muddati uchun ajratilib, o‘z ichiga o‘quv to‘lovlari, turar joy va tadqiqotni qo‘llab-quvvatlash uchun $3000 stipendiyani oladi.

Nomzodlar quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:

  • kuzgi semestr uchun birinchi kurs talabasi sifatida ariza topshirish;
  • o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA) 3,3 yoki undan yuqori bo‘lishi kerak;
  • chuqurlashtirilgan matematika kursida o‘qigan bo‘lish;
  • ona tili ingliz tili bo‘lmaganlar uchun til bilish sertifikati kerak (TOEFL/IELTS asosiylari, SAT/ACT ballari yoki Duolingo ingliz tili testi);
  • turli yutuqlar mavjudligi, AP (advanced placement) va IB (international baccalaureate) kurslarini o‘qiganlik.

Shuningdek, ariza topshiruvchilar uchun “Simmons” testi ixtiyoriy bo‘lib, xohlovchilar standartlashtirilgan test ballarini topshirishlari mumkin. Bunda, ACT bo‘yicha 28 yoki undan yuqori ball va SATda 1300 yoki undan yuqori ball tavsiya etiladi.

Nomzodlardan ariza bilan rasmiy insho hamda faoliyat tarixini o‘z ichiga olgan rezyume jo‘natish talab qilinadi.

Arizalar “Simmons Distinguished Scholar Award application” mavzusi bilan jo‘natilishi va hujjatlarning har bir sahifasida nomzodning to‘liq ismi va tug‘ilgan sanasi ko‘rsatilishi kerak.

Insho va rezyumelar PDF yoki Word Doc formatida bo‘lishi kerak. Mos kelmaydigan fayllarni (Google Docs, Pages va boshqalar) ko‘rib chiqilmaydi.

Rasmiy insho (300−500 so‘zdan ko‘p bo‘lmagan)da o‘z yetakchilik uslubini tasvirlab berish, qanday tajribalar nomzodni yetakchi sifatida shakllantirgani va Simmonsda yetakchi sifatida qanday ko‘rsatkichlarni kutayotgani haqida yozilishi kerak.

Grantga hujjat topshirish uchun nomzodlar universitetning bakalavr bosqichiga alohida ariza jo‘natishlari talab qilinadi. Universitetda mavjud bakalavr yo‘nalishlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Dastur bo‘yicha finalchilar yanvar oyi o‘rtalarida ma’lum qilinadi hamda fevral oyida suhbatni yakunlashlari kerak. Grant qo‘lga kiritganlar esa 1-martgacha xabardor qilinadi.

Arizalar joriy yilning 1-dekabrigacha ugadm@simmons.edu elektron pochtasi orqali qabul qilinadi.


Avvalroq AQShning “Getty Foundation” fondi stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Arizalarni 2-oktabrgacha jo‘natish mumkin.